Goʻzallikka choʻmilgan diyor

21:40 18 May 2022 Jamiyat
431 0

Foto: Халқ сўзи

22-maydan 5-iyungacha Namanganda

anʼanaviy xalqaro gullar festivali oʻtkaziladi

Dunyoni goʻzallik qutqaradi, u borliqni yashnatgan yashillik, ayniqsa, rang-barang gulu chechaklar bilan jozibador. Tabiatning benazir tuhfasi boʻlgan bu neʼmatdan koʻngil bahra oladi, guldasta tutgan insonlarning bir-biriga mehri tovlanadi, qolaversa, nabotot olami hayot uchun zarur boʻlgan kislorod ishlab chiqarishning bezavol manbai. Binobarin, shaharu qishloqlarimizga zeb beradigan gullarni ardoqlab, rango-rang gulzorlar yaratish milliy qadriyatlarimiz qatoridan oʻrin olgani bejiz emas. Namanganda anʼanaga aylangan gullar bayrami esa xalqimizning nafosatga naqadar oshno ekanini amaliy tasdiqlaydi.

Oltmish bir yil muqaddam va bugun

Dastavval Namangan shahridagi moʻjazgina istirohat bogʻida uyushtirilgan gul koʻrgazmasi, shundan keyin Namanganni gullar shahri sifatida jahonga tanitgan saʼy-harakatlar va xalqaro gullar festivali. Nafosat bayramining 61 yil ichida bosib oʻtgan yoʻli bu. Yilma-yil oʻtkazilayotgan bayram tadbirlarida uzoq va yaqin tarixda oʻziga xos iz qoldirgan anjuman manzaralari, usta gulchilarning yorqin siymosi mudom yodga olinadi. Oʻtgan yili tashkil etilgan yubiley festivali oldidan manbashunos olim Ahmadxon Ubaydullayev va tadqiqotchi jurnalist Rahimjon Irisov gul saylining tarixi haqidagi ayrim maʼlumotlarni eʼlon qildi.

1961-yil 19-20-avgust kunlari Namanganda ilk gul bayrami – «Gul vistavkasi» boʻldi. Bu haqida “Namangan haqiqati” gazetasida eʼlonlar chop etilgan. Bogʻ radiouzelida “Gul va gullar bayrami” mavzusida maxsus eshittirishlar tashkil qilingan. Yakunda shahar markaziy shifoxonasi, energokombinat, 2-paxta tozalash zavodi, 3-maktab, yosh texnik va naturalistlar stansiyasining koʻrgazmalari eʼtirof etiladi. Kelgusi yili ham Namangan shahrining bosh rahbari Tursun Roʻziboyev, ijroqoʻm raisi Melixon Ibrohimova, bogʻ direktori Hoshimjon Nurmatov gulchilarga aʼlo darajadagi sharoitlar yaratishadi. Viloyat gazetasining 1962-yil 13-may sonida “Namangan gul shahri boʻlsin!” chaqirigʻi eʼlon qilinadi. Uning mualliflari atoqli gulchilar – Eshondada Alixonov, Solixon Nosirov, Yoʻldosh Rahimov, Abdusamad Abdullayev, Yoʻldosh Obidxonov, Abdurahim Gʻafforov, Aleksandra Maslennikova, Ramazon Murodrasulovlar edi. Shunday qilib, 1962-yilning 18-19-avgust kunlari shaharda ikkinchi gul bayrami nishonlanadi. Unda 15 tashkilot va 30 ga yaqin gul ishqibozlari qatnashgan.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor 1962-yilda “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasida shunday yozadi: «Kishi Namanganga kirgan zamoni bir narsani payqaydi: shahar gul shahri, boʻston shahar boʻlib boryapti. Gap gul va daraxtning koʻpligida emas, har bir tup gul, har bir tup daraxtga bittadan ishqiboz gulchi-bogʻbon girgitton boʻlib, ertayu kech shoxini tarab, bargini sanab turganga oʻxshaydi».

Namanganda gul bayramining mazmun-mohiyati kengayib bordi. Bu anʼanaga oʻnlab, yuzlab tadbirlar omixta qilinadi. Gulchilik shahar hududidan butun tumanlargacha kengaydi. Jahon gullari Namanganni tanladi va har yili ularning yangi-yangi navlari yaratilmoqda. Birgina magnoliya gul daraxti tarixiga nazar solaylik: 1967-1973-yillar viloyatga rahbarlik qilgan Asadulla Xoʻjayev viloyat markazini obodonlashtirishga, koʻkalamzorlashtirishga katta eʼtibor qaratgan. Oʻsha vaqtda Namangan shahri rahbari boʻlgan Qodirjon Mamarasulov hamda shahar obodonlashtirish idorasining rahbari Semyon Farajev Qora dengiz boʻyidan bir necha tup magnoliya koʻchatini oldirib kelishgan. Koʻchatlar viloyat maʼmuriy idorasining roʻparasiga oʻtqazilgan va koʻkartirib olish uchun mashaqqatli mehnat sarf qilingan: yozning jaziramasidan asrash uchun ustidan kuniga uch-toʻrt marta suv sochib, Qora dengiz iqlimi sharoitini yaratilib, qishning izgʻirinidan oʻrab-chirmab olib chiqilgan.

Gullar bayrami tarixida “GAZ-21” avtomashinalarida gullar karvoni uyushtirilgani maʼlum. Keyingi paytlarda bunday parad Oʻzbekistonimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomobillar ishtirokida tashkil etilayotgani kishida faxr tuygʻularini uygʻotadi. Festivalning oʻtgan yilgi tadbirlari ham aynan shahar koʻchalari boʻylab harakatlangan gullar qurshovidagi 200 ga yaqin transport vositalari karvoni bilan boshlangani yodingizda boʻlsa kerak.

Bugunga kelib tadbir nufuzi ortgan, ishtirokchi va tomoshabinlar geografiyasi kengaygan. Xususan, oxirgi uch yilda oʻtkazilayotgan bayram xalqaro miqyos kasb etayotgani bilan ahamiyatli. Bultur festival tadbirlaridan bir million kishi bahramand boʻldi. Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida barpo etilayotgan yuzdan ziyod tematik koʻrgazmalar, anjuman doirasidagi madaniy-maʼrifiy tadbirlar, koʻngilochar tomoshalar Namangan ahlining tabiatga mehri, gulchilikka sadoqatining ramzi, desak toʻgʻri boʻladi. Joriy yil 22-maydan boshlanib ikki hafta davom etadigan bayram tadbirlari ham oʻziga xos mazmun-mohiyati va betakror manzaralari bilan gul sayli tarixining yangi sahifalarini bezaydi, albatta.

Xalq ijodiyotiga aylangan soha

Aytishlariga qaraganda, Namanganda uzoq yillardan buyon gulchilik bilan shugʻullanib kelayotgan yuzdan ortiq sulolalar bor. Katta avlod anʼanalarini mahkam tutgan holda hovlisi, qolaversa, koʻcha boʻyi va xiyobonlarni anvoyi chechaklarga burkayotgan bu insonlar sharofati bilan gulchilik xalq ijodiyotining ajralmas boʻlagiga aylangan. Sohaning chinakam ustasi sifatida oʻz maktabini yaratgan gulchilar nafaqat viloyat markazi, balki olis qishloqlarda ham anchagina.

Joʻraxon ota Moʻminov butun umrini gulchilik ravnaqiga bagʻishlagan. Uning kaktuschilikni keng yoʻlga qoʻyish borasidagi saʼy-harakatlariga butun shahar ahli tan bergan. Ikki farzandi va nevaralari ham ota izidan borib, oʻzi tikanli, biroq ajoyib koʻrinishga ega bu gullarni ardoqlab kelmoqda. Moʻminovlarning 25 sotixli gulxonasida 120 turdagi 10 mingdan ortiq kaktuslar bor. Otaning kenja oʻgʻli Bahromjon oʻtgan yilgi bayramga 61 yoshli kaktusni olib keldi. Joʻraxon ota uni Ukrainadan olib kelib, parvarishlagan ekan. Qancha yozu qishni boshidan oʻtkazgan tikanli gul hamon tetik.

Namangan gulchiligi rivojiga munosib hissa qoʻshgan sulolalardan biri Uychi tumanining Yorkatay qishlogʻida yashab oʻtgan Abdukarim ota Qosimov nomi bilan bogʻliq. 1961-yilda oʻtkazilgan birinchi koʻrgazmaning faol ishtirokchisi boʻlgan bu inson oʻz hunarini farzandlariga qoldirdi. U kishining oʻgʻli Abdurahim Karimov uzoq yil shu kasb bilan shugʻullanib, oʻn bir nafar qizini ham gulchi qilib tarbiyaladi.

— Odatda ota va onalar qiz uzatganda qoʻsha-qoʻsha buyumlardan iborat sarpo qilishadi, — deydi Abdurahim otaning oʻninchi qizi Tohira. — Padari buzrukvorim esa bizning har birimizga ixcham-ixcham gulzorlarni toʻyona qilganlar. U asosiy yumushimizga aylanib, roʻzgʻorimizga baraka kirityapti.

Bulturgi festivalda Abdurahim otaning qizlariga gul koʻrgazmasi va savdosini tashkil etish uchun alohida maydon ajratib berishdi. Bu yerda Tohira, Mohira, Hamida va qolgan qizlar ixlosmandlarni gullar bilan batafsil tanishtirib, ular parvarishi boʻyicha zarur maʼlumotlarni berishdi. Namoyishga qoʻyilgan tabiat neʼmatlari oz emas, 200 dan ortiq turdagi 10 ming tupdan ziyod gulu chechaklardan iborat edi.

— Otajonimdan oddiy gerandan tortib xorijning noyob gullarigacha meros boʻlib qolgan, — deydi Hamida. — Masalan, Hindistondan keltirilgan alkariya archasini mahalliy sharoitga moslashtirganmiz. Keyingi paytlarda sitrus mevalar - kivi va banan koʻchatlari parvarishini ham yoʻlga qoʻydik. Birgina mening issiqxonamdagi gullar turi 4 ming, koʻchatlari soni 100 mingdan oshadi.

Uychilik gulchilar uchun bu soha yaxshigina biznes, oilaning doimiy tirikchilik manbaiga aylangan. Abdurahim ota farzandlarining har biri yiliga kam deganda 50 million soʻmgacha daromad topishadi.

Xorijliklar ham hayratda

Gul saylining dovrugʻi keyingi yillarda mamlakatimiz doirasidan chiqib, uzoq va yaqin xorijgacha yetib bordi. Buni Namanganga tashrif buyurayotgan chet ellik sayyohlar oqimi yil sayin koʻpayib borayotganidan bilish mumkin. Birgina 61-festivalda chet ellardan 10 mingdan ortiq sayyoh nafosat bayramini oʻz koʻzi bilan koʻrish istagida navqiron shaharga keldi. Anjuman jahonning 31 davlatidan kelgan OAV muxbirlari, televideniye va Internet nashrlari tomonidan dunyo boʻylab keng yoritildi. Oʻshanda Zambiya Respublikasi fuqarosi Millimo Mundiyani bogʻdagi koʻrgazmalarni maroq bilan tomosha qilayotgan pallada uchratgan edik.

— Oʻtgan yildan buyon Namangan muhandislik-texnologiya instituti magistraturasida tahsil olyapman, — degan edi zambiyalik qiz. — Bu shahar, eng avvalo, oʻziga xos yashil tabiati bilan kishini oʻziga rom etadi. Hozirgacha koʻcha va xiyobonlardagi manzaralardan zavqlanib kelgan boʻlsam, minglab insonlarni oʻziga chorlagan festival hayratimni oshirdi. Buncha gullarni qanday oʻtqazib ulgurishdi ekan... Har biri oʻziga xos koʻrinish, mazmunga ega kompozitsiyalar. Son-sanoqsiz chechaklar iforiga choʻmilgan shahar. Ekzotika! Betakror koʻrinishlarni suratga tushirib, Vatanimdagi yaqinlarim, doʻstu dugonalarimga ham yuboryapman. Hammasi hayratda.

Anik va Rahik Taxirlar ham Namangan muhandislik-texnologiya institutida oʻqishadi. Aka-uka talaba mahalliy kursdoshlari bilan gul sayliga kelishgan ekan. Suhbat chogʻida ona shaharlari - Lahorda ham gullarga havas bilan qarashlari, biroq Namangandagi singari ekofestivalni birinchi bor koʻrayotganlarini soʻzlashdi.

Tashkilotchilarning aytishicha, bu yilgi festivalga chet mamlakatlardan 15 mingga yaqin sayyoh va gul ishqibozlari tashrifi kutilmoqda. Tashkil etiladigan koʻrgazma va tomoshalar mehmonlarga unutilmas taassurotlarni tuhfa etishi tayin.

Gulchilikni sanoat darajasiga koʻtarsa boʻladimi?

Gulchilik sanʼatmi, ishlab chiqarish yoki havas? 61-festival doirasida tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjumanda bu savolga turlicha javoblar boʻldi. Anjuman ishtirokchilari Oʻzbekistonda gulchilik sohasini yanada rivojlantirish, hatto sanoat darajasiga koʻtarish, yangi gul va manzarali daraxtlar turlari seleksiyasini koʻpaytirish uchun chet eldan introduksiya qilish va keltirilgan oʻsimliklarni muhitga moslashtirish ishlari yuzasidan fikr almashdilar.

Taʼkidlash lozimki, Namanganda ayni yoʻnalishdagi ishlar qamrovi tobora kengaymoqda. Masalan, oʻtgan uch yil ichida viloyat hokimligi bilan Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamkorligida Niderlandiya davlatidan 16 turdagi lola koʻchatlari keltirildi va mahalliylashtirish bilan bir qatorda yangi navlarni yaratish borasida ilmiy-tadqiqot ishlari, agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda. Ayni paytda institutda “Manzarali bogʻdorchilik va koʻkalamzorlashtirish” kafedrasi tashkil etilgan boʻlib, hozirgi kunda 10 dan ziyod professor-oʻqituvchilar 130 nafar boʻlajak mutaxassislarga taʼlim berib kelmoqda. Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida 5 ta darslik, 3 ta oʻquv qoʻllanma, 10 dan ziyod monografiyalar hamda 70 ga yaqin ilmiy maqolalar chet el va Oʻzbekiston ilmiy jurnallarida chop ettirildi. Oliygoh olimlari, shuningdek, umumiy qiymati 720 mln. soʻmni tashkil etadigan “Namangan sharoitida noyob arxideya gulini koʻpaytirish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi loyihasi bilan Innovatsiya vazirligining grant loyihasini qoʻlga kiritdi.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 4-avgustdagi “Respublika hududlarida gulchilik va koʻchatchilik sohalarini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori namanganliklar iftixori va sevimli mashgʻulotiga aylangan tarmoq rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Ayni hujjat asosida Davlatobod tumani gulchilikka ixtisoslashtirilib, alohida klaster tashkil etildi. Unda istiqbolli navlarni koʻpaytirish, xorijdan keltirilgan koʻchatlarni mahalliylashtirish orqali yangi navlar yaratishga yoʻnaltirilgan ilmiy-amaliy markaz ham shakllantirilgan. 10 sotixli issiqxonada yil davomida olib boriladigan mashgʻulotlarga barcha yoshdagi havaskorlar jalb etilib, bir yarim oylik saboqdan soʻng maxsus sertifikat olishmoqda.

— Respublika gulchilar assotsiatsiyasi hamkorligida uch gektar maydonda barpo qilingan yana bir zamonaviy issiqxonada 52 turda 4 million tup gul yetishtirilmoqda, — deydi Namangan viloyat gulchilar assotsiatsiyasi raisi Obidxon Qodirov. — Parvarish va seleksiya ishlari bilan 70 ga yaqin kishi band. Turkiyadan taklif qilingan mutaxassis Eldar Yilmas xalqaro tajribalarni oʻzlashtirishimizda yaqindan yordam bermoqda.

Davlatobodda olib borilayotgan izlanishlarning dastlabki natijasi ham koʻzga tashlanib qoldi. Masalan, xorijdan keltirilgan begoniyaning 10 dan ortiq turini mahalliylashtirish ustida olib borilgan tadqiqotlar davomida ushbu gulning Oʻzbekiston iqlimiga chidamli navlari yaratildi. Ilgari bu gullar bizning sharoitimizda bor-yoʻgʻi 15 darajagacha boʻlgan haroratga dosh bergan boʻlsa, endilikda 35 daraja issiqda ham yashnab turibdi. Joriy yil festivali oldidan 1,5 ming tupga yaqin begoniya koʻchati bayram manzillariga oʻtqazildi.

Davlatobod tumani oʻsish nuqtalaridan biriga aylangan gulchilikdagi bu singari amaliy ishlar yaqin vaqt orasida ayni yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan biznes egalarini birlashtirish orqali sohani sanoat usuliga koʻchirish istiqbolidan dalolat beradi.

Eng hayajonli lahzalar

“Namangan flowers festival – 2022» rang-barang dasturlari mundarijasi koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy. Oʻsha kunlari madaniyat va istirohat bogʻi mehmonlari faqat gullar koʻrgazmasini tomosha qilibgina qolmay, koʻplab madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar tadbirlarning guvohi boʻladilar. Hunarmandchilik buyumlari, milliy liboslar, foto va tasviriy sanʼat asarlari namoyish etiladi. Modelyerlar chiqishi, maqom, milliy raqs, estrada jamoalarining konsertlari, dorbozlar shousi, sport ustalarining mahorat saboqlari ham ishtirokchilarni aslo befarq qoldirmaydi. Va, albatta, ishtirokchilar mehnat va intilishlarini munosib taqdirlash festival dasturidan oʻrin olgan muhim tadbirlardan biri boʻlib qoladi. Mahalliy hokimiyat masalaning ayni jihatiga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Katta avlod vakillari avvallari gul tanlovi gʻoliblari va faol ishtirokchilar maxsus diplom va esdalik sovgʻalari bilangina taqdirlanganini yaxshi eslashadi. Bir necha yildirki, faxrli oʻrin sohiblariga zamonaviy yengil avtomobillar taqdim etilayotir. Oʻndan ortiq nominatsiya gʻoliblariga esa televizor, noutbuk va boshqa qimmatbaho buyumlar sovgʻa qilinyapti. Oʻtgan yilgi bayram yakunlariga koʻra, oʻzining ajoyib koʻrgazmasi bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirgan Pop tumani, viloyat qurilish bosh boshqarmasi, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi jamoalari hamda dizayner gulchi Obidxon Qodirov oliy oʻringa munosib topilib, “Nexia-3» avtomashinasi bilan taqdirlangan edi. Bu yil bosh sovrindorlarni “Lasetti” avtomobillari kutmoqda.

Qani, ular kimlarga nasib etarkin?

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?