Global muammolarning oqilona yechimi bor

10:16 25 Noyabr 2020 Siyosat
226 0

Biz yagona tarixga egamiz. Bugunimiz yaqin doʻstlik, qon-qardoshlik va mustahkam hamkorlik rishtalari bilan bogʻlangan. Umumiy kelajagimiz bor. Barqaror rivojlanish hamda taraqqiyot yoʻlida yuksak maqsadlarni koʻzlayapmiz.

Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston. Markaziy Osiyo taqdiri va istiqbolini ana shu besh mamlakat belgilaydi. Hammasi oʻrtadagi mavjud muammolarning bir yoqadan bosh chiqarib, oʻzaro hamjihatlikda hal etilishiga bogʻliq. Ammo koʻp yillar murosa yoʻli tanlanmadi. Oqibatda mintaqa davlatlari orasida ayrim nizo hamda qarama-qarshiliklar avj oldi. Ayniqsa, suv va transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, davlat chegaralarini delimitatsiya qilish hamda chegara punktlarini kesib oʻtish masalalarida kelishmovchiliklar yuzaga keldi.

Xullas, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, 25 yil ichida oʻrtada ulkan «muzqoyalar» hosil boʻlaverdi.

Tasavvur qiling, biri-biriga qoʻshni besh mahalla ahli oʻzaro murosa qila olmasa, qanday vaziyat yuzaga kelishi mumkin? Quda-anda, qon-qarindosh boʻlgan bu odamlar, ehtimol, maʼlum muddat yuz koʻrishmas, salomlashishmas, hatto. Ammo biri sabzavot, biri meva-cheva, yana biri don-dun yetishtiradigan, boshqasi esa kiyim-kechak tikadigan bu mahallalar ahli oldi-berdi, oʻzaro savdo-sotiqsiz yashashi mumkinmi?

Ana shu jihatdan mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi baʼzi kelishmovchiliklar, avvalo, ularning iqtisodiyotiga jiddiy putur yetkazganini anglash uchun ancha vaqt yoʻqotildi.

Nihoyat, bundan uch yil avval bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mintaqa davlatlari rahbarlari oʻrtasida siyosiy muloqot mustahkamlana boshladi. Doʻstlik va hamkorlik aloqalari yana qaytadan jonlandi.

Shu tariqa Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy integratsiyasi kuchayishi uchun keng yoʻl ochildi.

«Muzqoyalar» eriy boshladi

Markaziy Osiyo — katta mintaqa, Yer sharining muhim geostrategik nuqtasi. 4 million kvadrat kilometr maydonni egallagan. Hududi, tabiiy salohiyati boʻyicha ham dunyoda munosib oʻringa ega. Xom ashyo resurslariga boy. Jahon boʻyicha aniqlangan neft, gaz, oltin, uran kabi qazilma boyliklarning sezilarli qismi shu yerda joylashgan.

BMT maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil boshida Markaziy Osiyo aholisi qariyb 75 million kishilarni tashkil qilgan. Bunda Oʻzbekistonning ulushi 45, Qozogʻistonning hissasi 25, Tojikistonniki 13, Qirgʻiziston va Turkmanistonniki 8,5 foizga teng.

Shu bilan birga, mintaqa davlatlarining har birida oʻziga xos ishlab chiqarish salohiyati mavjud. Har biri turli darajada yalpi ichki mahsulot, tashqi savdo aylanmasi koʻrsatkichlariga ega. Ular orasida Oʻzbekiston oʻziga xos mavqe kasb etadi. Yaʼni yurtimiz davlatlarni geosiyosiy jihatdan birlashtiradi.

Quvonarli jihati, keyingi uch-toʻrt yil ichida Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro munosabatlarida koʻplab masalalar qaytadan koʻrib chiqilishiga toʻgʻri keldi. Bu davrda Oʻzbekiston Prezidenti saʼy-harakatlari tufayli mintaqa mamlakatlari bilan yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Natijada bunday yuksak siyosiy muloqotlar chogʻida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun oʻzaro manfaatli boʻlgan global masalalar — xavfsizlik, iqtisodiyot, investitsiya, madaniyat va ekologiya sohalari boʻyicha muhim qarorlar qabul qilindi. Natijalar esa oʻzingizga maʼlum.

Jumladan, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi soʻnggi yillarda 5 barobar oʻsdi. Hamkorlikdagi saʼy-harakatlar bilan oltmishga yaqin chegara-oʻtish punktlarining toʻlaqonli faoliyati taʼminlandi, vizalar bekor qilindi. Ishbilarmonlik va hududlararo aloqalar, transport qatnovlari, madaniy-gumanitar almashinuvlar amalga oshirildi.

Buning samarasi oʻlaroq oʻtgan yili Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi xizmatlardan tashqari 5,4 milliard AQSH dollariga yetib, unda Qozogʻistonning ulushi 63, Qirgʻiziston hissasi 14, Afgʻonistonniki 8,5, Turkmanistonniki 8,2 va Tojikistonniki 6,3 foizni tashkil etdi.

Bunday koʻrsatkichlarga erishishda 2017-yili yurtimizda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi muhim ahamiyat kasb etganligini alohida taʼkidlash kerak.

Murosa uchun maydon

Global masalalarga oqilona yechim topish uchun, avvalo, birdamlik zarur. Mintaqamizning besh mamlakati boshini qovushtirish borasidagi tashabbusni esa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz qoʻliga oldi. Buning uchun katta siyosiy maydon, taʼbir joiz boʻlsa, murosa minbari kerak edi. Ayni shu nuqtada davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi. Natijada hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish va mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni izlash borasida muhim platforma yaratildi.

Birinchi Maslahat uchrashuvi 2018-yilning 15-mart kuni Ostonada tashkil etildi. Unda mintaqa mamlakatlari oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarogʻ kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik hamda barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Ikkinchi Maslahat uchrashuvi esa 2019-yilning 29-noyabr kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtdi. Mazkur sammit kun tartibidan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin oldi. Yakunda uchrashuv ishtirokchilari tomonidan Qoʻshma bayonot qabul qilinib, oʻzaro manfaatli hamkorlikni konstruktiv rivojlantirish, mintaqaning boy iqtisodiy hamda inson salohiyatini toʻliq ishga solish, iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini kengaytirish va barqarorlashtirish kabi dolzarb vazifalar qamrab olindi.

Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilarini oʻzaro hamkorlikning asosiy maqsad va tamoyillarini kelishib olishga, inson, kapital, tovar hamda xizmatlarning harakati, shuningdek, keng madaniy-gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratib berish, Markaziy Osiyoda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklikni mustahkamlashning amaliy mexanizmlarini shakllantirish hamda yoʻlga qoʻyishga chaqirdi.

Salohiyat bor, imkoniyat bor — harakat zarur

Birlashgan Millatlar Tashkiloti — eng katta siyosiy minbar. Bu yerda global masalalar muhokama etiladi. Xalqaro ahamiyatga molik gaplar aytiladi. Davlat rahbarlarining ana shu minbardan bildirgan asosli va oʻrinli xulosayu takliflari kelgusida muhim rezolyutsiyalarda oʻz aksini topishi mumkin.

Shu maʼnoda, joriy yilning 23-sentyabri biz uchun tarixiy kun boʻldi. Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlab, qator global takliflarni oʻrtaga tashladi. Shulardan biri Markaziy Osiyoning iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlash bilan bogʻliq. Yaʼni davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etdi.

Xoʻsh, bunga qanday zarurat bor edi? Umuman, iqtisodiy integratsiyani shakllantirish ehtiyojini yana qanday omillar bilan izohlash mumkin?

Gap shundaki, mintaqamiz boʻylab tabiiy va mehnat resurslari notekis taqsimlangan. Ammo besh mamlakat hududida istalgan tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun xom ashyo va resurslar mavjud. Shunday ekan, zarur texnologiya hamda oʻzaro mutanosib yoʻlga qoʻyilgan kooperatsiya sharoitida dunyoning boshqa mintaqalari bilan raqobatlasha oladigan kuchga aylanishimiz mumkin.

Transport va tranzit yoʻlaklarida mintaqa mamlakatlari oʻrtasida yoʻlovchi hamda yuk oqimlarini maqbullashtirish sezilarli darajada Markaziy Osiyoning transport infratuzilmasi qanchalik jadal rivojlanishiga bogʻliq. Bu oʻrinda esa hal qilinmagan masalalar bor. Multimodal tashishlar, logistika, bojxona, ekspeditorlik va boshqa xizmat darajasining pastligi shular sirasidan. Boz ustiga, konteynerda tashishlar ulushi rivojlangan mamlakatlarga qiyoslaganda ancha past. Bu qisman “xarajatlar+foyda” formulasi boʻyicha indeksatsiyalanadigan yuqori transport tariflari bilan izohlanadi. Tarif siyosati kichik hamda oʻrta kompaniyalar — yuk joʻnatuvchilar va yuk eksportchilarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilmaganligi mintaqa temir yoʻllarining samaradorligi pastligiga sabab boʻladi.

Afgʻoniston bizga begona emas

Afgʻoniston asrlar davomida mamlakatimizning eng yaqin qoʻshnilaridan biridir. Oʻzbek va afgʻon xalqlari oʻzaro birodardir hamda bu azaldan oʻz isbotini topib kelgan.

Oʻzbekiston tinchlik oʻrnatish boʻyicha siyosiy muzokaralar afgʻon mojarosining barcha ishtirokchisi, mamlakatning hamma partiyalari va harakatlari, etnik guruhlarni qamrab olishi kerakligi boʻyicha qatʼiy pozitsiya tarafdoridir. Aynan Toshkent konferensiyasidan soʻng bu yoʻnalishdagi xalqaro saʼy-harakatlar sezilarli tarzda faollashdi.

Afgʻoniston muammosi BMT Xavfsizlik Kengashining yana diqqat markaziga tushdi. Afgʻoniston boʻyicha tuzilgan “Kobul jarayoni”, “Osiyo yuragi”, “Istanbul jarayoni”, “Moskva formati”, “Xalqaro muloqot guruhi” va “SHHT — Afgʻoniston muloqot guruhi” kabi boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar faoliyati ham yangi izchillik kasb etdi.

Yaqinda esa davlatimiz rahbari tomonidan Afgʻoniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi ekanligi eʼtirof etildi. Chunki ushbu davlatda iqtisodiy xavfsizlik va barqarorlik taʼminlanishi Markaziy Osiyo mintaqasining rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni tezkor barqarorlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlari mamlakatimiz toʻgʻridan-toʻgʻri afgʻonlararo muzokaralarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha siyosiy jarayonning ajralmas qismiga aylanishiga olib keldi.

Tabiiyki, Afgʻonistondagi ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani qayta tiklash ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishning muhim sharti hisoblanadi. Shu maqsadda Afgʻonistonda transport va logistika, energetika, savdo hamda taʼlim sohalarida yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ular orasida Oʻzbekiston tomonidan bunyod etilayotgan Surxon — Puli-Xumri elektr liniyasi, Termiz shahrida ochilgan afgʻon fuqarolarini oʻqitish boʻyicha taʼlim markazi, bojxona terminaliga ega «Termiz-kargo» logistika markazi, Mozori-Sharif — Hirot temir yoʻli qurilishi loyihasi bor. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo — Eron — Ummon transkontinental transport-kommunikatsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Oʻzbekiston hamisha doʻst afgʻon xalqiga yordam qoʻlini choʻzish tarafdori. Bu nafaqat hurmat belgisi, balki uning bugun Markaziy Osiyo va dunyoda roʻy berayotgan jarayonlardagi alohida roli eʼtirofi hamdir.

Strategik maqsadlarga erishish mumkin

Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy integratsiyasini taʼminlash — oʻta muhim jarayon. Bunga erishish uchun, nazarimda, quyidagi strategik vazifalarni amalga oshirish talab etiladi.

Birinchidan, mintaqa davlatlarining turli sohalardagi hamkorligini rivojlantirishda integratsion platformalardan eng maqbulini tanlash maqsadga muvofiq. Bunda tovarlar, kapital, ishchi kuchining mamlakatlararo harakati yoʻlidagi toʻsiqlarning kamaytirilishi yoki toʻliq bartaraf qilinishi hamda oʻzaro -xizmat darajasini yana-da oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikkinchidan, hozirgi koronavirus pandemiyasi sharoitida Oʻzbekistonda agrar bozorni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni manfaatlar asosida yoʻlga qoʻyish zarur. Chunki alohida hukumatlar oʻz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida qator oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan vaqtinchalik cheklovlar oʻrnatishyapti. Bu esa Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi uchun mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarining eksporti bilan bogʻliq murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda.

Uchinchidan, Markaziy Osiyoda transport-logistika xizmatlarini koʻrsatishda raqobatni kuchaytirish va monopoliyaga barham berish, transport tizimini raqamlashtirish natijasida transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan strategiyani ishlab chiqish lozim. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi orqali tranzit tariflarni oʻrganish va chegirmalar berish, shuningdek, davlatlar bilan tovarlarni tranzit tashish boʻyicha oldindan axborot almashishni yoʻlga qoʻyish muhim.

Toʻrtinchidan, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi balansini muvozanatlash shart. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida Qozogʻiston va Turkmaniston bilan tashqi savdo aylanmasi balansi salbiy holatga ega. Shuning uchun ushbu davlatlarning ichki bozori, import tuzilmasini chuqur tahlil qilish hamda tovarlar pozitsiyalarini aniqlash orqali Oʻzbekistonning eksportini mustahkamlab qoʻyish lozim. Yuqori qoʻshilgan qiymat tovarlari eksportini oshirish hisobidan xom ashyo resurs tovarlarini qisqartirishga ham ehtiyoj katta.

Beshinchidan, Oʻzbekistonga import qilinayotgan xom ashyo resurslarini mahalliy korxonalarimizda qayta ishlashni rivojlantirish darkor. Binobarin, mahalliy sanoat korxonalarimiz oʻrtasida raqobat muhitini rivojlantirish ishlarini davom ettirish natijasida ularning raqobatbardoshligini oshirish mamlakat eksport salohiyatini koʻtaradi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiya jarayonlarini ragʻbatlantiruvchi asosiy omillardan biri — milliy iqtisodiyot ochiqlik darajasining oshishi, yaʼni mamlakatlar oʻrtasida tashqi savdo aylanmasini aniq ifodalash va hamkorlik imkoniyatlarini barchaga ochiqlab borish mintaqa salohiyatining yuksalishiga xizmat qiladi.

Erkin NIGMANOV,
DBQning Bojxona instituti
I
qtisodiy fanlar kafedrasi boshligʻi,
iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?