Ginnes rekordlar kitobiga kirishga nomzod kutubxona yoxud qachongacha qaror faqat qogʻozda qoladi?

11:42 27 Oktyabr 2021 Jamiyat
216 0

Foto: Халқ сўзи

Agar xom gʻishtdan qurilgan imoratlar roʻyxati tuzilib, ularning eng qadimiysi Ginnes rekordlar kitobiga kiritiladi, deyishsa, Buxoro viloyati koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasining Shofirkon filiali uchun boshpana vazifasini oʻtayotgan bino nomzod sifatida old qatorda turgan boʻlur edi. Shu yerda faoliyat yuritayotgan koʻzi ojizlar maxsus madaniyat markazi direktori Oʻlmas Shamsiyevning bildirishicha, bu bino 1947-yilda barpo etilgan.

Darhaqiqat, bino holatini koʻrgan kishi oʻzini beixtiyor oʻtgan asrning 50- yillariga borib qolgandek his etadi. Poydevori darz ketgan. Devorlarda yoriqlar. Imoratning yon tomoni qulab ketmasligi uchun qachonlardir gʻisht devordan tirgovich tiklangan. Ammo u ham nurab adoyi tamom boʻlgan.

-Avariya holatida boʻlgani uchun bu xonaga kirib oʻtirishga yuragimiz betlamaydi,- deydi kutubxona filiali mudirasi Kamola Laysova.

Kitob javonlari oralab ohista yuramiz. Tomdan chakki oʻtadi. Kitoblarga ziyon yetmasligi uchun javonlarning yuqori qismida tunukalar terib qoʻyganmiz.

Bular kamlik qilganidek, 268 nafar aʼzosi boʻlgan kutubxonada isitish tizimi yoʻq. Xonalar zax.

-Sovuq tushsa, qoʻshni madaniyat markazining mana bu xonasiga kirib oʻtirishga majbur boʻlyapmiz,- deydi K. Laysova katalakdek kichik bir xonani koʻrsatib. - Bu yer hartugul iliqroq. Elektr yordamida isitish mumkin. Bizga audiodisklar kerak .Ammo eng asosiysi - bino...

Aslida Kamola oʻzi bilib-bilmagan holda koʻzi ojizlar maxsus kutubxonalari dardini “yangilab” qoʻydi. Gap shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018-yil 18-sentyabrda “Nogironligi boʻlgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilingan.

-Mazkur qarorga muvofiq, 250 nafar koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar istiqomat qiluvchi shahar va tumanlarda koʻzi ojizlar uchun kutubxonalar tashkil etish qayd etilgan, - deydi Buxoro viloyati koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasi direktori Aʼzam Oʻroqov. - Qolaversa, 2019-yilning 23-sentyabrida viloyatda faoliyat yuritayotgan madaniyat va sanʼat xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan videoselektorda viloyat koʻzi ojizlar kutubxonasini yangi bino bilan taʼminlash, Shofirkon tuman koʻzi ojizlar kutubxonasi binosini qaytadan qurish, Olot, Jondor, Buxoro, Kogon, Romitan tumanlarida yangi kutubxonalar ochishni tashkil etish yuzasidan viloyat hokimi tomonidan topshiriqlar berilgan edi.Ammo...

Sirasini aytganda, 1100 nafardan ziyod aʼzoga ega viloyat koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasi ham moslashtirilmagan binoda, aniqrogʻi, Buxoro shahridagi 57-maktabgacha taʼlim muassasasida ijarada turibdi.

Koʻrish imkoniyati cheklangan fuqarolarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish koʻp jihatdan yaratilgan shart-sharoitga bogʻliq. Afsuski, hozirga qadar maxsus kutubxonalarning oʻziga xosligi inobatga olingan holda qurilgan binolar yoʻq. Bunday kutubxonalarda mebel jihozlari, texnik qurilmalar yetishmovchiligi koʻzga tashlanmoqda.Negaki, ommaviy kutubxonalarga moʻljallangan jihozlar maxsus ziyo maskanlari faoliyatiga hamisha ham mos kelavermaydi. Bunday maskanlar kitob javonlarida bolalar va oʻsmirlarbop Brayl yozuvidagi boʻrtma nuqtali adabiyotlar nihoyatda oz. Sohaga mos maxsus qurilmalar –yassi harfni yiriklashtiruvchi “Topas” uskunasi, ovozli “Sara” skaner moslamasi, bosma haflfarni oʻqib beruvchi mashinalar – dasturiy taʼminot mahsulotlariga ehtiyoj katta.

-Koʻrish imkoniyati cheklangan fuqarolarning kitobxonlikka boʻlgan ishtiyoqlari kuchli,-deydi Buxoro viloyati koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasi xodimi Aziza Oʻroqova.- Masalan, kutubxonamiz aʼzosi Jumagul Husenova bir yilda 254 ta kitob mutolaa qildi. Biz shunday faol, maskanimizga kelish imkoniyati boʻlmagan kitobxonlarimizning uylariga kitob, gazeta-jurnallarni yetkazamiz.

Bu soʻzlarda zigʻircha mubolagʻa yoʻq. Koʻzi ojiz insonlar taqdir taqozasi bilan koʻrish baxtidan mosuvo boʻlishgan.Ular mustaqil tarzda sayr qila olishmaydi, televizor koʻra olmaydi, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish imkoniga ega emaslar. Bunday insonlarning birdan bir ovunchogʻi, yurakka yaqin hamrohi – kitob. Shunday ekan, mutasaddilar hukumatimizning biz yuqorida nomini tilga olgan qarori ijrosini taʼminlashlari, koʻzi ojizlar maxsus kutubxonalari uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratishdek savob ishga hissa qoʻshishlarini istar edik.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?