Gigant korxonaning 45 yillik taraqqiyot yoʻli

11:02 11 Noyabr 2025 Jamiyat
152 0

1974-yilda Gʻuzor tumanining Eshonquduq qishlogʻi hududidagi toʻqay va changalzorlar bagʻrida oʻta istiqbolli deb topilgan yangi gaz qudugʻi ochilgan edi. Shu bilan birga ushbu quduq negizida gazni yigʻish hamda qayta ishlash imkonini beradigan yangi korxona qurishga kirishildi.

Mamlakatimiz yoqilgʻi-energetika sohasidagi eng yirik va strategik ahamiyatga ega korxonalardan biri — Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi ana shu taxlitda bunyod etilib, 1980-yilning 2-noyabr kuni ishga tushirilgan. Bu yil ana shu qutlugʻ sanaga 45 yil toʻldi.

Название

Ana shu sana munosabati bilan Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida tantanali bayram tadbiri tashkil etildi. Unda Energetika vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ hamda Qashqadaryo viloyat hokimligi masʼullari, soha faxriylari soʻzga chiqib, korxona jamoasini bayram bilan qutlashdi. Oʻtgan yillar ichida korxona jamoasining bosib oʻtgan shonli yoʻli, erishilgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar haqida soʻz yuritildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda korxona tomonidan 14 ta gaz-kondensat konlari oʻzlashtirilgan boʻlib, ulardan yiliga oʻrtacha 8 milliard metr kub gaz hamda 400 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarilmoqda. Bu mamlakatimizda olinayotgan gazning qariyb 20 foizi, gaz kondensatining esa 30 foizdan oshigʻi aynan Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan qazib olinmoqda, deganidir.

Название

— Ushbu xom ashyoni shu yerning oʻzida qayta ishlash orqali bir qator mahsulotlar, jumladan, tabiiy gaz, gaz kondensati, suyultirilgan gaz (propan-butan aralashmasi), oltingugurt hamda texnik kislorod ishlab chiqariladi, — deydi korxonaning yetakchi muhandis-texnologi Dilnavoz Qorayeva. — Bugungi kunda ishlab chiqarishda eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda. Bu esa ish samaradorligi hamda mahsulotning sifat koʻrsatkichlarini yanada oshiryapti.

Название

Ayni paytda korxonada 3740 nafar xodimlar mehnat qilishmoqda. Tadbirda uzoq yillar shu yerda mehnat qilgan, oʻzining bilimi, tajribasi, shijoati bilan korxona yuksalishiga salmoqli hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh ishchi-xodimlarga korxona rahbariyatining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?