Gidroenergetika sohasida hamkorlikning yangi istiqbollari

12:15 05 Iyun 2022 Siyosat
706 0

Foto: Prezident Matbuot xizmati

Mamlakatimizga Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning rasmiy tashrifi doirasida joriy yil 2-iyun sanasida Zarafshon daryosida Yovon gidroelektr stansiyasi qurilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon boshchiligidagi rasmiy delegatsiya oliy darajadagi muzokaralar davomida Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari, jumladan gidroenergetika sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarida ikki davlat rahbarlari tomonidan ramziy tugma bosilib, yangi GES qurilishga start berildi.

Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida Markaziy Osiyo suv va energetika boyliklaridan oʻzaro manfaatli asosda foydalanish, gidroenergetika loyihalarida samarali hamkorlik aloqalari mexanizmlari ishlab chiqildi hamda birgalikda ishtirok etish borasida yangi GES qurilishiga kelishib olindi.

Taʼkidlash joizki, mazkur loyiha gidroenergetika sohasida ikki davlat oʻrtasidagi yirik istiqbolli loyihadir. Shu jihatdan, mazkur Yovon gidroelektr stansiyasi energetika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikda birinchi yirik loyiha boʻladi. 140 megavatt quvvatga ega zamonaviy stansiya mamlakatlarimiz energetik xavfsizligi, suv va qishloq xoʻjaligi barqarorligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.

Ikki mamlakatning masʼullari tomonidan Zarafshon daryosi havzasida 2 ta GESni qurish va undan foydalanishni texnik-iqtisodiy baholash boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishilgan. Mazkur kelishuvga asosan Tojikiston Respublikasining Zarafshon daryosi havzasida gidroelektr stansiyalarning qurilishi ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda, yiliga oʻrtacha 832 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 140 megavattga va prognoz qiymati 282 million AQSH dollariga teng Yovon gidroelektr stansiyasini qurish ishlari bajariladi. Albatta, mazkur loyiha sarflangan mablagʻlarni 15 yilda qoplashi hamda 40-50 yil davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega.

Ikkinchi bosqichda, yiliga oʻrtacha 560 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 135 megavattga va prognoz qiymati 270 million AQSH dollariga teng Fandaryo gidroelektr stansiyasini qurish imkoniyati oʻrganib chiqilmoqda. Mazkur loyiha sarflangan mablagʻlarni 20 yilda qoplash hamda 40-50 yil davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega.

Mazkur loyihalarning yillik umumiy ishlab chiqarishi hajmi 1400 mln kVt.soatni tashkil etadi. Bu esa, oʻz navbatida, 600 mingdan ortiq oilaning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi. Yangi GESlarning qurilishi doirasida 3 mingga yaqin mavsumiy, ishga tushirilishi natijasida esa 200 dan ortiq doimiy ish oʻrinlari yaratiladi.

Loyihalarni toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan loyihaviy moliyalashtirish usuli boʻyicha moliyalashtirish rejalashtirilgan.

Shu oʻrinda, mazkur gidroinshootlarni qurilishi yuzasidan loyihaning buyurtmachisi etib, tomonlar ishtirokida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “TaUz HIDRO” qoʻshma korxonasi tashkil etildi.

Bugungi kunda, tomonlar loyihadan oldingi izlanish ishlarini moliyalashtirish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash uchun xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻrmoqda.

Bu borada, yangi tashkil etilgan “TaUz HIDRO” AJ yangi qurilishi rejalashtirilgan GESlarning texnik topshiriqlarini ishlab chiqadi va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashda xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etadi.

Bu borada, muhandislik ishlari toʻliq zamonaviy standartlar asosida, ilgʻor xorijiy kompaniyalar ishtirokida olib boriladi.

Loyiha xalqaro moliya tashkilotlarining investitsiyalari hamda taʼsis qilinadigan qoʻshma korxona ustav jamgʻarmasiga kiritiladigan tomonlarning oʻz mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi. Mazkur loyihani moliyalashtirishga yetakchi xalqaro institutlar, shu jumladan Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki qiziqish bildirgan.

Biz ishonch bilan ayta olamizki, hozirda ikki davlat oʻrtasida boʻlib oʻtayotgan Oliy darajadagi tashrif Oʻzbekiston va Tojikiston gidroenergetika tarmoqlari rivojlanishida yangi tarixni boshlab berdi va bu ikki davlat xalqining farovon hayotiga xizmat qiladi.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?