GESlar uchun gidroagregatlar mahalliylashtirish loyihalari doirasida Oʻzbekistonda ishlab chiqariladi

20:11 22 Avgust 2022 Iqtisodiyot
822 0

Xabaringiz bor, oʻtgan haftada “Oʻzbekgidroenergo” AJ hamda Hindistonning “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi rahbarlari oʻrtasidagi uchrashuvda oʻzaro hamkorlikda “Made in Uzbekistan” milliy brendi asosida quvvati 500 kVtga boʻlgan mikroGESlar uchun gidroagregatlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangandi.

Bugungi kunda mazkur kelishuvga muvofiq, tomonlarga yuklatilgan shartlar ijrosini taʼminlash, xususan, joriy yil yakuniga qadar Oʻzbekistonda mikro gidroagregatlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha har ikki tomon ham belgilangan vazifalarni yuqori saviyada bajarib kelmoqda.

Shu bilan birga, Jamiyat tomonidan ushbu yoʻnalishda izchil faoliyat amalga oshirilmoqda. Bu borada, respublikamiz davlat mustaqilligi bayrami arafasida yana bir katta kelishuv imzolandi.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistonda gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar, nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida ham yuksak eʼtiborga sazovor boʻlmoqda.

Mamlakatimiz gidroenergetika sohasida, xususan, mikroGESlarni keng koʻlamli qurish va zaruriy gidroagregatlarni mahalliylashtirish borasida katta bir burilish davri boshlanmoqda. Sababi, Xitoy Xalq Respublikasining gidroenergetika sohasida 60 yildan ortiq yuqori tajribaga ega boʻlgan “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi bilan izchil hamkorlikda mamlakatimizda Markaziy Osiyo mamlakatlarida yagona boʻlgan quvvati 2-15 MVt gacha boʻlgan gidroagregatlarni ishlab chiqarish faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

Mazkur xorijiy kompaniya nafaqat respublikamizning gidroenergetika sohasi uchun gidroagregatlarni ishlab chiqaradi, balki qoʻshni davlatlar – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Afgʻoniston va boshqa davlatlar uchun ham gidroagregatlar ishlab chiqaradi.

Bugun, 22-avgust kuni Jamiyatimiz Boshqaruvi raisi, Abdugʻani Sanginov boshchiligidagi ijro apparati masʼul vakillari hamda “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi boshqaruv raisi kotibi OUYANG XONG rahbarligidagi kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, innovatsion loyihalar asosida lokalizatsiya va mahalliylashtirish dasturi doirasida gidroagregatlarni Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Mazkur hujjatga asosan, endilikda “Oʻzbekgidroenergo” AJ Xitoyning “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda har bir loyiha uchun individual va eksklyuziv boʻlgan gidroagregatlarni loyihalashtiradi. Mazkur gidroagregatlar “Oʻzbekgidroenergo”AJning tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” AJ zavodida ishlab chaqariladi.

Aytish lozimki, ushbu hamkorlik doirasida yuqori innovatsion texnologik qurilmalarning mamlakatimiz gidroenergetik sohasida ilk bor ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi hamda mahalliylashtirish doirasida kelgusi istiqbolda moliyaviy sarf-xarajatlarni iqtisod qilishga, sifatli va zamonaviy standartlarga asoslangan agregatlarni ishlab chiqarilishini oʻzlashtirishga xizmat qiladi.

Pirovard natijada, mamlakatimiz gidroenergetik salohiyati yanada ortadi hamda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali toza va arzon elektr energiya manbaini ishlab chiqarish hajmi keskin oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер