Germaniya va Buyuk Britaniyada ham koronavirusning yangi shtammi — «omikron» bilan zararlanganlar aniqlandi

22:09 27 Noyabr 2021 Dunyo
929 0

Illyustrativ foto

Germaniyada koronavirusning yangi shtammi — «omikron» bilan zararlanishning birinchi holati aniqlangan. Bu haqda Gessen federal yeri ijtimoiy masalalar vaziri Kay Kloze maʼlum qildi.

«Kecha Janubiy Afrikadan qaytgan odamda «omikron» shtammiga xos bir nechta mutatsiyalar borligi aniqlandi. Shubhalar juda katta. Shuning uchun u izolatsiyaga olindi», deb yozgan Kloze oʻzining «Tvitter»ida. Shu oʻrinda, vazir oʻtgan hafta Janubiy Afrikadan qaytgan barcha fuqarolarni testdan oʻtishga va atrofdagilar bilan aloqani cheklashga chaqirdi.

Buyuk Britaniyada esa yangi shtamm bilan ikkita zararlanish holati aniqlangan. 

Bu haqda “Sky News” telekanali Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash vazirligi rahbari Sajid Jovidga tayanib xabar berdi.

26-noyabrdan boshlab Buyuk Britaniya koronavirusning yangi shtammi — B.1.1.529 («omikron») aniqlangani sababli Janubiy Afrika, Botsvana, Zimbabve, Lesoto, Namibiya, Esvatini bilan parvozlarni vaqtincha bekor qilgan edi.

Bungacha koronavirusning yangi shtammi bilan zararlanishning ilk holatlari Gonkong, Belgiya va Isroilda aniqlangan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?