Germaniya taraqqiyot banki Fargʻonada ichimlik va oqova suv tizimini yangilashga moliyaviy koʻmaklashadi

18:36 15 Iyun 2022 Iqtisodiyot
385 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Germaniya taraqqiyot banki loyiha maʼlumotlari boshqaruvi menejeri Lea Tereza Shtuf boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.

Unda viloyatda ichimlik va oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish hamda qurish loyihasi muhokama qilindi. Loyiha uchun Germaniya taraqqiyot bankining 49 mln. yevro miqdorida grant mablagʻi ajratilib, zaruratga koʻra 150 mln. yevrogacha 15 yillik imtiyozli kredit ham taqdim etiladi. Bu esa Qoʻqon va Margʻilon shahrida joylashgan, atrof hududlardagi shahar- tumanlarga xizmat koʻrsatuvchi oqova suv tozalash inshootlari, ichimlik suvi tizimlarini zamonaviy texnologiyalar asosida rekonstruksiya qilish hamda qurish imkonini beradi.

Ayni paytda loyihani tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayoni davom etmoqda.

Shuningdek, uchrashuvda kelasi oyda Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari boshchiligidagi tadbirkorlar delegatsiyasi Germaniyaga tashrifi buyurishi rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Botir Madiyorov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?