Geografik obyektlarga nom berishda qanday yangiliklar joriy qilinmoqda?

15:49 09 Noyabr 2022 Jamiyat
427 0

Keyingi yillarda mamlakatimizda xalq bilan ochiq muloqot mexanizmlarini yanada takomillashtirish, jamiyat hayotiga oid muhim hujjatlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini joriy etish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada amalga oshirilgan ishlar boʻyicha koʻplab misollar keltirish mumkin.

Biroq “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida geografik obyektlarga nom berishda mahalliy aholining fikrini hisobga olish nazarda tutilgan boʻlsa-da, bu jarayonni amalga oshirish tartibi, shu jumladan fuqarolarning geografik obyektlarga nom berish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish vakolatlari koʻzda tutilmagan. Shuningdek, amaldagi qonunchilikda geografik obyektlarga Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berishga doir normalar ham ochib berilmagan.

Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuni yuqorida taʼkidlangan masalalarni hal etish yoʻlidagi muhim huquqiy asos boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Amaldagi qonun geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirishda mahalliy aholining fikri davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tegishli mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan hisobga olinishiga taalluqli yangi 41-modda bilan toʻldirilmoqda. Bunda geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar kelib tushgandan soʻng keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish va aholidan kelib tushgan fikrlarni koʻrib chiqish uchun tegishli komissiyaga kiritish masalalari boʻyicha mexanizmlar ochib berilmoqda.

Amaldagi Qonunning 10-moddasi birinchi qismida aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar va xiyobonlarga) nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish boʻyicha fuqarolar tashabbus qilishi mumkinligi boʻyicha jumla bilan toʻldirilmoqda. Bundan kelib chiqadiki, fuqarolar tegishli shahar va tuman hokimliklariga mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar va xiyobonlarga nom berish yoki ularning nomlarini oʻzgartirish boʻyicha tashabbus bilan chiqish imkoniyati yaratilmoqda.

Shuningdek, koʻchalar, shohkoʻchalar, mahallalar, maydonlar, bogʻlarga va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berishga doir aniqlashtiruvchi normalar yangi 101-moddada belgilanmoqda. Bunda Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish ularning vafotidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan hamda qoida tariqasida, nomlari mavjud boʻlmagan aholi punklarining tarkibiy qismlariga nisbatan amalga oshirilishili belgilab qoʻyilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qonun geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish tizimini yanada takomillashtirish, ushbu jarayonda fuqarolar ishtirokining huquqiy asoslarini yaratish, davlat va jamoat arboblarining nomlarini abadiylashtirish maqsadida aholi punktlarining tarkibiy qismlariga ularning ismi-sharifini berish mexanizmlarini aniqlashtirish imkonini beradi.

Xayrullo GʻAFFOROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?