Geografik obyektlarga nom berilishidagi muammolar va Navoiy viloyatida olib borilgan oʻrganish natijalari muhokama qilindi

12:39 05 Oktyabr 2022 Siyosat
771 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Joriy yil 5-oktyabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalar raislari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning oʻttiz uchinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar, xususan, “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun jamoatchilikning taklif va fikr-mulohazalari inobatga olingan holda ishlab chiqilgan. Bugungi kunda Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar, shu jumladan jamoat va davlat arboblarining xotirasini abadiylashtirish maqsadida ularning nomini geografik obyektlarga berish bilan bogʻliq masalalar qonunchilikda aniq tartibga solinmaganligi sababli amaliyotda geografik obyektlarga (koʻcha, mahalla, maydon, bogʻ va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlari) shaxs nomini berishda turli muammolar yuzaga kelmoqda.

Bundan tashqari, “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunda geografik obyektlarga nom berishda mahalliy aholining fikrini hisobga olish belgilangan. Biroq amaldagi qonunchilikda aholining fikrini hisobga olish
tartibi ochib berilmagan. Shuningdek, aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) Oʻzbekiston va jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish tartibi aniq belgilanmagan.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda bunday shaxslarni aniqlashning mezonlari nazarda tutilmagan hamda shaxslar ismi-sharifini nomi mavjud geografik obyektlarga berishga aniq talablar nazarda tutilmagan. Ushbu holatlar geografik obyektlarning nomlari qayta-qayta oʻzgartirilishiga sabab boʻlmoqda.

Qonunga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Shuningdek, Qoʻmita majlisida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida»gi Qonunning yer qaʼri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishga oid qismining Navoiy viloyatida ijro etilishi holatini oʻrganish yakunlari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan joriy yil 20-21-sentyabr kunlari mazkur Qonunning yer qaʼri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishga oid qismining Navoiy viloyatida ijro etilishi holati oʻrganildi. Natijada yer qaʼri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qazib olishda odamlar xavfsizligini taʼminlashga yetarli eʼtibor qaratilmayotgani, amaldagi qonunchilik normalari ijrosini bajarish bilan bogʻliq koʻplab muammolar mavjudligi aniqlandi.

Jumladan, bu boradagi ishlarni qonuniy tarzda olib borish afzalliklari yuzasidan tegishli vakolatli organlar tomonidan targʻibot ishlari sust olib borilmoqda. Qazish ishlari uchun litsenziya olishda turli byurokratik toʻsiqlar mavjud. Oqibatda noqonuniy qazib olish holatlari yildan-yilga koʻpayib bormoqda.

Xususan, faqatgina Navoiy viloyatida oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yuzasidan 2017-yilda 16 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 204 tani tashkil qilgan.

Eng achinarlisi, Navoiy viloyatidagi ochiq maydonlarda qazish ishlari jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi sababli 2021-yilning oʻzida qariyb 10 nafardan ortiq fuqaro is gazidan zaharlanishi yoki qum va tosh bosib qolishi oqibatida vafot etgan.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda qoʻriqlanmaydigan ochiq maydonlarda qimmatbaho metall va toshlarni talon-toroj qilganlik uchun javobgarlik belgilanmagan.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 190-moddasi beshinchi qismida oltin va qimmatbaho metallarni qazib olishda litsenziyasiz faoliyat bilan shugʻullanish juda koʻp miqdorda daromad olish bilan bogʻliq boʻlsa, jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab boʻlishi koʻrsatilgan.

Biroq tahlillar shuni koʻrsatdiki, amaliyotda mazkur moddaning ushbu qismi bilan mamlakat boʻyicha bironta jinoyat ishi sudda koʻrilmagan.

Shu bilan birga tarkibida oltin va qimmatbaho metallar boʻlgan rudalarni noqonuniy qazish bilan shugʻullanuvchi shaxslarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 702-moddasi bilan qoʻllaniladigan jarima miqdorining kam belgilangani ham mazkur yoʻnalishdagi qonunbuzilish holatlari shaxslar tomonidan takror-takror sodir etilishiga sabab boʻlmoqda.

Shuningdek, viloyatda tugatilgan va vaqtincha tugatilgan tashlandiq kon va shaxtalarning aniq hisobi mavjud emas.

Bundan tashqari, Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan zaxiraga olingan shaxta va karyerlar atrofi oʻrab olinib, qoʻriqlanishi taʼminlanmagan.

Hududiy hokimliklar qayd etilgan yoʻnalishda oʻz vakolatlarini lozim darajada amalga oshirmayapti, jumladan, ular tomonidan tegishli nazorat ishlari sust olib borilmoqda.

Oʻrganish jarayonida aniqlangan muammolar fuqarolarimiz hayoti va xavfsizligini taʼminlash uchun oʻta dolzarb ekanligini inobatga olib, mazkur masalani Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritish uchun Qoʻmita tomonidan parlament soʻrovi loyihasini tayyorlash taklifi ilgari surildi.

Muhokamalar soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?