Gender tenglikni taʼminlashda ijtimoiy tadbirkorlik qanday oʻrin tutadi?

20:13 29 May 2024 Jamiyat
206 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Ayollarning huquq va manfaatlarini toʻliq taʼminlash masalasi boshqa koʻplab yoʻnalishlar qatori “Taraqqiyot strategiyasi – 2030” va Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasida alohida vazifa sifatida belgilangan. Bu boradagi ishlar oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Jumladan, genderga yoʻnaltirilgan islohotlar natijasida 2017-yildan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan mashgʻul xotin-qizlar koʻrsatgichi 21 dan 37 foizga yetdi. Oʻzbekiston Jahon bankining 2023-yilgi “Ayollar, biznes va huquq” indeksida eng yuqori ball olgani, qolaversa, respublikamizning gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatorida eʼtirof etilgani ham koʻp narsani anglatadi.

Buxoro shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil — Biznes-ombudsman va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ning Huquqiy islohotlar dasturi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida shu dalillar tilga olindi. “Ijtimoiy tadbirkorlik iqtisodiy rivojlanish va gender tenglikni taʼminlash omili sifatida” mavzuidagi tadbirda tadbirkor xotin-qizlar, davlat hamda nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

— Davra suhbatidan koʻzlangan asosiy maqsad ayollarning huquqlari doirasini yanada kengaytirish, xotin-qizlar ishbilarmonligini, ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalliy tadbirkorlarni boshpana (shelter) va inqiroz markazlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga jalb etishdan iborat, — deydi Biznes-ombudsman mutaxassisi Nozima Saidaliyeva. — Negaki, xotin-qizlarning tadbirkorlikdagi faolligi iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Boshqacha aytganda, ish bilan band ayol moliyaviy jihatdan mustaqil boʻladi. Roʻzgʻorida xotirjamlik, hayotida osoyishtalik hukm suradi.

Davra suhbatida xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, ijtimoiy ishbilarmonlikni rivojlantirish zarurati kabi mavzularda fikr-mulohaza yuritildi. Bu borada Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi. Shu paytga qadar viloyatda 5 ming nafardan ziyod xotin-qiz tadbirkorlikning u yoki bu yoʻnalishi boʻyicha oʻqitilgani, 6600 nafardan ziyod ayolga jami 146 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgani maʼlum qilindi. Ishtirokchilarda ayniqsa, “Oydin nur” nodavlat-notijorat tashkilotining mushkul ahvolda qolgan ayollarni vaqtinchalik boshpana bilan taʼminlagan holda ularni inqirozli vaziyatdan olib chiqish, bandligini taʼminlash, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishiga koʻmaklashish borasidagi koʻp yillik tajribasi katta qiziqish uygʻotdi.

Tadbir oʻzaro tajriba almashish, fikrlar rang-barangligi nuqtayi nazaridan foydali kechdi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер