Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”
Joriy yilning 23-may kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida “Oʻzbekistonda gender tenglik va munosib mehnat yoʻllari” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.
Anjumanda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori Olga Kulayeva, xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning 100 dan ortiq soha mutaxassislari, ekspertlari, Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Senat Raisi gender siyosati jamiyat va davlat taraqqiyotining tayanch omiliga aylangani, “Gender va taraqqiyot”, “gender muvozanati”, “xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi oʻrni” kabi tushunchalar davlatimiz dasturiy hujjatlari va har qanday huquqiy hujjatni ishlab chiqishda oʻz ifodasini topayotganini taʼkidlab oʻtdi.
– Qonun hujjatlarining majburiy gender-huquqiy ekspertizasini joriy etish va gender auditi institutini tashkil etish gender tengligini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamdir. Bundan tashqari gender diskriminatsiyasining oldini olish, gender stereotiplariga qarshi kurashish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish bu boradagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Biroq erishilgan muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda xotin-qizlarning mehnat, ijtimoiy va boshqa huquqlarini taʼminlash, ularning iqtisodiy faolligini kengaytirish va kasbiy mahoratini oshirish borasida hali koʻp ishlar qilishimiz kerak – deya, qayd etdi Senat Raisi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan qayd etilganidek, 2030-yilga qadar Oʻzbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasining qabul qilinishi bu boradagi ishlarni tizimli, muayyan maqsadga yoʻnaltirilgan holda amalga oshirishga imkon yaratmoqda.
Xususan, gender tenglikni taʼminlash sohasida xalqaro standartlar asosida milliy qonunchilikni takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Soʻngi yillarda sohaga oid 40 dan ortiq qonunchilik hujjatlari va muhim konseptual hujjatlar qabul qilindi.
Mazkur hujjatlar doirasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilishi, ayollarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrnining mustahkamlanishi, ularning taʼlim olishlari, kasb-hunar oʻrganishlari uchun zarur sharoit yaratilganligi, bandligini taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda ayollarning iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirish, turli tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish borasida muhim choralar koʻrilayotganligi ishtirokchilar tomonidan alohida qayd etildi.
Bugungi kunda sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasida band boʻlgan aholi oʻrtasida xotin-qizlar ulushi 77 foizni, iqtisodiyot va sanoat sohasida 46 foizni tashkil etmoqda, 2 ming nafarga yaqin xotin-qizlar davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
Xotin-qizlarning taʼlim olishlari uchun imkoniyatlarning kengaytirilishi natijasida oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan xotin-qizlar soni 6 barobarga koʻpaydi, xususan, bakalavr yoʻnalishida oʻqiyotgan xotin-qizlar ulushi 38 foizdan 49 foizga, magistratura bosqichida oʻqiyotganlar esa 37 foizdan 50 foizga ortganligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro ekspertlar tomonidan mamlakatimizda mehnat munosabatlari tizimi tubdan isloh qilinganligi hamda majburiy mehnatga barham berilgani, munosib mehnat prinsiplari doirasida aholining bandligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganligi yuqori baholandi.
Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda qabul qilingan Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2021-2025-yillarga moʻljallangan dastur, mehnat sohasidagi hamda ishlab chiqarish va texnik yoʻnalishlardagi xalqaro standartlarni mamlakat iqtisodiyotiga keng tatbiq etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar muhim oʻrin tutmoqda.
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha byurosi direktori O.Kulayeva, qator xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari hamda xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari maʼruza bilan ishtirok etishdi.
Tadbir yakunlari boʻyicha xalqaro konferensiya ishtirokchilarining gender tenglikni taʼminlash, munosib mehnat prinsiplarini keng tatbiq etish boʻyicha tavsiyalari ishlab chiqildi.
Unda, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda tazyiqlardan himoyalash, xotin-qizlarning taʼlim olishlari tibbiy xizmatlardan teng foydalanishi, ular uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat uchun munosib haq toʻlash va norasmiy bandlikni qisqartirish hamda ushbu yoʻnalishdagi xalqaro standartlarni tatbiq etish ishlarini tizimli davom ettirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasidagi uzoq yildan beri yopiq turgan nazorat-oʻtkazish punkti ochiladi
- Innovatsion ishlanmalar va ilg‘or texnologiyalar namoyishi
- Insoniyat yangi rekordni qayd etdi
- Toshkentda O‘zbekiston va Turkiyaning uchta vazirlik va idoralari rahbarlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi
- 23 kun: Toshkentdagi ayrim koʻchalarda transport harakati qisman cheklanadi
- Quvayt elchisi Oʻzbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlamoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring