“Gender tenglik yetakchisi” jamoasi tashkil etiladi

15:36 14 Aprel 2022 Jamiyat
912 0

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirokini taʼminlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday koʻrinishiga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning toʻliq va samarali ishtirokini va yetakchilik tushunchalari hamda koʻnikmalarini oshirish maqsadida yosh yigit-qizlar oʻrtasida “Gender tenglik yetakchisi” jamoasi tashkil etilmoqda.

Jamoaning maqsadi – Oʻzbekistonda yuz berayotgan gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarni faollashtirish, xotin-qizlar va gender tenglik masalalarida strategik yoʻnalishlar va davlat dasturlaridagi vazifalar ijrosini sifatli taʼminlash, oʻsmir yoshlar hayotiga oid oʻzgarish va yangilanishlarni keng targʻib etish, xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qaror qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning toʻliq va samarali ishtiroki, yetakchilik qilishi uchun teng imkoniyat darajalari yaratilishini tushuntirish hamda huquqiy ongini oshirishdan iborat.

Ushbu jamoaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan hamda jamiyatimiz rivojiga hissa qoʻshmoqchi boʻlgan faol yoshlar orasidan gender tenglik sohasi boʻyicha aniq bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlovchi, chet tillarida mustaqil gapira oladigan, yoshi 18 dan yuqori yigit-qizlar aʼzo boʻlishi mumkin.

Aʼzolar orasidan rais va uning oʻrinbosarlari mezonlar asosida saylanadi.

Tanlovning mohiyati har bir tashkilotda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan siyosatni shakllantirish, faoliyatga gender yondashuvlarni joriy etish, gender tenglikka erishish masalalariga jamoatchilik eʼtiborini keng jalb qilish, turli tuzilmalar faoliyatiga gender tenglikni singdirish, ilgʻor tajribalarni aniqlash va umumlashtirish hamda ularni keng targʻib etish orqali jamiyatda xotin-qizlar va erkaklar teng huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashdan iborat.

Tanlovning saralash bosqichlari 2022-yil 14 — 21-aprel kunlari oʻtkaziladi. Nomzodlar orasidan gender tenglik siyosatidan xabardor, kreativ fikrlaydigan, xorij tillarini biladigan, liderlik va tashabbuskorlik qobiliyati yuqori yoshlar tanlab olinadi.

Jamoa tarkibiga kirgan yoshlar xalqaro ekspertlar tomonidan oʻtkaziladigan seminar-treninglarda ishtirok etish, oʻzaro tajriba almashish va oʻquv koʻnikmalarni mustahkamlash uchun oromgohlarga borishi, kutubxonalardan bepul foydalanish, Oliy Majlis Senati tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlar, forum va konferensiyalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?