Gender tenglik: Ayol qachon hayotdan rozi boʻladi?

15:03 13 Noyabr 2020 Jamiyat
284 0

Namangandagi “Yoshlar markazi”da gender tenglikni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda viloyatdagi Bandlik va mehnat munosabatlari, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, ichki ishlar boshqarmalari, OAV vakillari ishtirok etdilar. Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Musaxon Oppoqov mamlakatimizda, shuningdek, viloyatda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlarni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi.

— Keyingi paytlarda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali ularning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — dedi M. Oppoqov. — Bu ular bandligini taʼminlash, davlat va jamoat ishlari, jumladan, rahbarlik vazifalariga faol jalb etishda yaqqol koʻrinadi. Masalan, Namanganda keyingi ikki-uch yilning oʻzida nozik jins vakillarining 1583 nafari boshqaruv ishlariga oʻtkazildi. Bunga, misol uchun ichki ishlar sohasini misol qilib koʻrsatish mumkin. Yaqin vaqtgacha faqatgina erkaklarning oʻrni deya hisoblab kelingan mazkur idorada bu masalaga koʻproq ahamiyat qaratilayotgani, bugungi kunda ular orasida toʻrt nafar rahbar, 16 nafar xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha inspektorlari maxsus kiyim boshda faoliyat koʻrsatayotgani quvonchlidir. Toʻraqoʻrgʻonda hokimlik vazifasining uddasidan chiqayotgan Zulayho Mahkamovaning tashabbuskorligi ham barchaga ibrat. Oʻz biznesiga ega minglab tadbirkor ayollarimizga koʻpchilikning havasi keladi.

Ayol kishi qachon hayotdan rozi boʻladi. Buning uchun koʻp narsa kerak emas, eng muhimi oilasi tinch, farzandlari baxtiyor, oʻziga yoqqan kasbi, doimiy ish joyi boʻlsa kifoya. Shundan kelib chiqib, xotin-qizlar bandligini taʼminlash viloyatda ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Birgina joriy yilning oʻtgan oʻn oyi ichida ularning 52 ming nafardan koʻprogʻi ijtimoiy foydali mehnat oʻrinlariga ega boʻldi. Gender tenglikka erishishning boshqa yoʻnalishlaridagi saʼy-harakatlarda ham natijadorlikka erishilmoqda.Yoki oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish, turarjoyga ega boʻlish masalasida qiynalib yurgan qizlar va ayollarga koʻrsatilayotgan yordam oilalarga olam-olam quvonch olib kirayotganini aytaylik. Keyingi uch yil davomida uy-joyga muhtoj ayollarning 255 tasiga ajratilgan zamonaviy xonadonlarning boshlangʻich toʻlovi davlat tomonidan qoplab berildi. Tadbirkorlikning oilaviy va boshqa turlarini yoʻlga qoʻyish istagidagi fuqarolarning biznes loyihalari ijrosi uchun oʻtgan oʻn oy ichida 62,2 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.

Maʼlumki, mamlakatimizda «Xotin –qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida» alohida qonun qabul qilingan. Uning talablariga muvofiq tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderi berishning tashkil etilishi ayni muddao boʻldi. Mazkur yoʻnalishdagi Nizomga koʻra, bu boradagi murojaatlar ijrosini taʼminlash va monitoringi yoʻlga qoʻyilgan. Maʼlumotlarga qaraganda, Namanganda joriy yilning oʻtgan davrida ichki ishlar idoralariga shu mazmunda 294 ta murojaat kelib tushgan. 8 ta ruhiy, 96 ta jismoniy tajovuz, 189 ta tazyiq koʻrsatilishi bilan bogʻliq murojaat mualliflarining barchasiga himoya orderi taqdim etilib, ularning tinch, xotirjam hayot kechirishlariga zamin yaratildi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ular ijtimoiy himoyasini kafolatlash boʻyicha qator huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga qaramasdan nozik jins vakillari bilan bogʻliq salbiy koʻrinishlar ham koʻzga tashlanayotgani anjumanda afsus bilan qayd etib oʻtildi. Masalan, joylarda ayollar jinoyatchiligi ortib borayotgani kishini tashvishga soladi. Buni, jumladan, ayni yoʻnalishdagi koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 51 taga ortganida yaqqol koʻrish mumkin. Odob-axloqda atrofdagilarga namuna boʻlish oʻrniga firibgarlik, oʻgʻirlik, qoʻshmachilik, hatto, qotillikka koʻl urayotgan opa-singillarimiz qilmishi barchamiz uchun uyat emasmi? Bundan tashqari oʻqish, mehnat qilish imkoniyatlaridan foydalanish oʻrniga irodasizligi tufayli oʻz joniga qasd qilish holatlarining hamon qayd etilayotganligiga qanday baho berish mumkin.

Viloyat hokimining anjumanda ishtirok etgan xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Iroda Qoʻchqorova ishtirokchilarni gender tenglikni taʼminlash borasida yaqin kelgusida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan rejalar bilan tanishtirdi va ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarning savollariga javob qaytardi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?