Gaz balloni portlagan avtotransport vositalari soni ochiqlandi

12:42 25 Noyabr 2021 Jamiyat
183 0

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida Fargʻona shahrida videoselektor tarzida yigʻilish oʻtkazildi. 

Unda “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining transport vositalari texnik holati va uskunalarga doir talablarga oid qismining Fargʻona viloyatidagi ijro etilish holati, yaʼni gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar muhokama qilindi.

Tadbirda ishchi guruh aʼzolari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, tuman va shaharlar studiyalaridan tegishli mutasaddilar ishtirok etdi.

Yigʻilishda 23-noyabr kuni Fargʻona viloyatining barcha hududlarida oʻrganishlar olib borilgani, shuningdek, viloyatda Qonun ijrosini taʼminlash maqsadida tegishli yoʻnalishlarda muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibini soddalashtirish boʻyicha qator tashkiliy choralar koʻrilgan, bu borada yuridik va jismoniy shaxslarga qoʻshimcha qulayliklar yaratilgan. Natijada bugungi kunda Fargʻona viloyatida jismoniy shaxslarga tegishli 341 820 ta avtotransport vositasining 249 664 tasi, yaʼni 73 % va 31 814 ta yuk tashish uchun moʻljallangan transport vositalarining 29 214 tasi, yaʼni 91,7 % gaz ballonlari bilan jihozlangan.

Viloyatda joriy yil 1-noyabr holatiga 22 ta tadbirkorlik subyekti avtotransport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish faoliyati bilan shugʻullanib kelmoqda. Ular uchun Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati “Texnik koʻrik” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyati yaratilgan.

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tomonidan 16 ta tadbirkorlik subyektiga avtotransport vositalarida oʻrnatilgan gaz balloni uskunalarini sinovdan oʻtkazish uchun ruxsatnoma berilgan.

Yigʻilishda olib borilgan ishlar bilan bir qatorda baʼzi kamchilik va muammolar borligi ham koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, 2020-yil va joriy yilning 10 oyi davomida respublika boʻyicha gaz ballonlari oʻrnatilgan transport vositalarida 17 ta portlash holati sodir boʻlgan va ularning bittasi aynan Fargʻona viloyatida qayd etilgan. 

Xususan, joriy yil 22-may kuni Fargʻona viloyati, Quva tumanida fuqaro A.Toshtemirovning VAZ-2101 rusumli transport vositasiga mutasaddi idoralarda qayta roʻyxatdan oʻtkazmasdan sifatsiz gaz balloni oʻrnatilganligi oqibatida gaz quyish shoxobchasida (gaz toʻldirilayotganda) portlash sodir boʻlgan. Oqibatda ikki kishi jarohatlangan.

Gaz ballonlarini avtomobillarga oʻrnatish va tegishli uskunalarni sinovdan oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan taʼsirchan nazoratning oʻrnatilmagani ham noxush holatlarni yuzaga keltirmoqda.

Gaz ballonlariga ortiqcha bosimda gaz toʻldirilib, yaroqlilik muddati 15 yildan ortiq boʻlgan gaz ballonlaridan ham foydalanish holatlari koʻpayib bormoqda. 

Yigʻilishda gaz ballonli avtomobillardagi portlash holatlari uchun taʼsirchan javobgarlik choralarining masʼullar, xususan uskunalarni oʻrnatuvchi va ularni sinovdan oʻtkazuvchi subyektlar vakillari, shuningdek transport vositalari egalariga qoʻllanilmayotgani ham ularning tez-tez sodir boʻlishining sabablaridan ekani qayd etildi. 

Shu va boshqa muammoli holatlar yuzasidan majlis yakunida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Viloyatda yoʻl harakati va transport vositalaridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish boʻyicha olib borilayotgan ishlar va boshqa yana bir qator masalalarda masʼullarning axborotlari ham eshitildi.

Yakunda savol-javoblar va bildirilgan takliflardan kelib chiqib oldinda turgan vazifalar kelishib olindi. Mutasaddilarga koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?