Garovga qoʻyilgan bogʻcha davlat-xususiy sheriklik asosida ekani maʼlum boʻldi

Foto: Illustrativ surat
Kredit shartnomasiga asosan, bank tomonidan masʼuliyati cheklangan jamiyatga ajratilgan 2 milliard soʻm miqdoridagi kredit mablagʻi (shundan 5 foizi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan) tadbirkorga dam olish maskani qurilishi uchun uch yil muddatda qaytarish sharti bilan berilgan edi. Kreditning qaytarilish taʼminoti sifatida esa 2020-yil 20-oktyabrda tuzilgan ipoteka shartnomasiga asosan boshqa bir MCHJga tegishli boʻlgan “Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi” binosi garovga qoʻyiladi. Qarzdor MCHJ olingan kredit mablagʻlarini maqsadsiz ishlatib, kredit va unga hisoblangan foiz qarzdorliklarini belgilangan muddatda toʻlamasdan kelganligi sababli, bank sudga daʼvo bilan murojaat etib, qarzdorlikni undirish va undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulklarga qaratishni soʻraydi.
— Sud muhokamasida aniqlanishicha, kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyilgan “Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi” binosi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, MCHJ va Navoiy viloyat hokimligi oʻrtasida maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sherikchilik toʻgʻrisidagi 2018-yil 23-iyulda tuzilgan bitimga asosan MCHJga 30 yil davomida davlat sherikchiligi asosida faoliyat yuritish sharti bilan (tasarruf etish huquqisiz) tekin foydalanish huquqi asosida berilgan boʻlib chiqdi, — deydi Navoiy viloyat sudi sudyasi Turgʻunboy Qahhorov. — Biroq davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim shartlariga zid ravishda taʼminotchi MCHJda garov obyektiga nisbatan mulk huquqi vujudga kelmagan boʻlsada, amaldagi qonun hujjatlariga zid ravishda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazib, koʻchmas mulkni majburiyat taʼminoti sifatida garovga qoʻygan. Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Nizomning 34-bandida bitim amal qilish muddati davomida xususiy sherik tomonidan unga tegishli boʻlgan mulkni tasarruf etish, shu jumladan, garovga qoʻyish man etilishi belgilangan. Shuningdek, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga koʻra, muomaladan chiqarilgan va tasarrufdan chiqarilishi mumkin boʻlmagan koʻchmas mulk ipoteka narsasi boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilgan.
Mazkur holatda bitim ishtirokchilari taraflar tomonidan garovga qoʻyilayotgan mol-mulk davlat sheriklik asosida qurilganligi hamda bitim amal qiladigan muddat tugamay, uni garovga qoʻyish mumkin emasligini bila turib, bankdan kredit mablagʻlarini olish maqsadida qonunga zid boʻlgan ipoteka shartnomasini tuzib, bankdan 2 milliard soʻm miqdoridagi kredit mablagʻi chiqarilishiga erishgan.
Xullas, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 116-moddasiga koʻra, qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek, huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir.
Shu bois sudning hal qiluv qarori bilan taraflar oʻrtasida qonunga zid holda tuzilgan ipoteka shartnomasi haqiqiy emas deb topilib, mazkur qaror ustidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati boʻyicha ish Navoiy viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatida ham koʻrib chiqildi. Sudlov hayʼatining 2022-yil 2-dekabrdagi qaroriga asosan hal qiluv qarori qonuniy va asosli deb topildi.
— Shuningdek, sud muhokamasida bir guruh mansabdor shaxclar tomonidan bankdan olingan kredit mablagʻlari maqsadsiz ishlatilganligi, davlat sherikchiligidagi mol-mulkni qonunchilikka zid ravishda kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyilganligi, qonunga zid boʻlgan ipoteka shartnomasi sudning qaroriga asosan haqiqiy emas deb topilganligi oqibatida ajratilgan 2 milliard soʻm kredit qarzdorligi taʼminotsiz qolib, davlat va bank manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilgan, — deydi T. Qahhorov. — Mazkur holatlarga adolatli baho berish va qonuniy chora koʻrish uchun xususiy ajrim qabul qilinib, tegishli hujjatlar prokuratura idorasiga yuborildi.
Prokurorning tegishli qarori bilan har ikkala MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, bankning mansabdor shaxslariga nisbatan esa JKning 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Xullas, kredit ajratishda qilni qirq yoradigan bank mutasaddilari ikki MCHJning oddiy nayrangiga chuv tushishdi. Biz esa tergov harakatlari borayotganligi sabab ularning nomi va manzilini hozircha oshkor etmaslikni maqsadga muvofiq topdik.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring