Gʻarb Kiyevga Rossiya nishonlariga hujumlar tayyorlashda yordam bermoqda —CNN

17:19 02 Aprel 2024 Dunyo
606 0

Foto: AP

Gʻarb davlatlari Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga uchuvchisiz samolyotlar hujumini rejalashtirishda yordam bermoqda. Bu haqda CNN telekanali Ukraina dron dasturidan xabardor manbaga tayanib xabar bermoqda.

“Bu parvozlar ittifoqchilarimiz bilan oldindan belgilanadi, uchish qurilmasi parvoz rejasiga amal qiladi, bu bizga nishonlarga bir necha metrlik aniqlik bilan zarba berish imkonini beradi”, — deya oʻz manbasidan iqtibos keltiradi telekanal.

Bundan tashqari, telekanal suhbatdoshining aytishicha, baʼzi hududlarda GPS signalining yoʻqolib qolishi sharoitida dronlarni boshqarishning aniqligi uchun sunʼiy intellekt javobgar boʻladi.

Manbaga koʻra, har bir dronda sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari va relef haqidagi maʼlumotlarga ega boʻlgan protsessor mavjud. U bu texnologiyalarni Kiyevga kim yetkazib berishini aniqlamadi.

Ukraina dronlari mart oyi boshidan beri Rossiyaning bir qancha neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qildi. Ular orasida Nijniy Novgorod, Samara, Ryazan viloyatlari va Krasnodar oʻlkasidagi zavodlar bor.

Buyuk Britaniyaning “Financial Times” gazetasi xabardor manbalarga tayanib yozishicha, AQSH Kiyevni Rossiya energetika obyektlariga hujumlarni toʻxtatishga chaqirib, ular neftning jahon narxlarining oshishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

AQSH Davlat kotibining energiya masalalari boʻyicha yordamchisi Jefri Pyattning aytishicha, AQSH Ukrainaning Rossiyaga zarba berishini ragʻbatlantirmaydi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham, oʻz navbatida, Vashington Ukrainaning Rossiya energetika obyektlariga hujumlaridan norozi ekanini tan olgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?