Gʻamxoʻrlik va ragʻbat yuksak marralarga qanot

15:22 25 Dekabr 2021 Jamiyat
575 0

Foto: Халқ сўзи

Navoiy shahrida “Oʻzbekiston yoshlari forumi - 2021” festivalining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi.

Ramziy maʼnoda soʻnggi besh yilning har bir kunini yoshlar istiqboliga qaratilgan damlarga qiyoslash mumkin. Chunonchi, joriy yilning 1-mayidan boshlab yoshlarni ishga qabul qilgan korxona va kompaniyalarga ushbu xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliqning qaytarib berilishi, 1-iyundan boshlab, “Yoshlar daftari”ga kirgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot oʻtaganda, ularga 500 ming soʻmgacha subsidiya ajratilishi, birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazi bitiruvchilari 6 oygacha daromad soligʻi toʻlashdan ozod etilishi, “Yoshlar daftari”ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsizlar bandligini taʼminlagan tadbirkorlarga davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz berilishi, ijaraga bino olib, oʻz biznesini boshlayotgan yigit-qizlarga bir yillik ijara summasining 30 foizgacha qismi qoplab berilishi, 1-iyuldan boshlab xususiy korxonalarda yangi ish boshlagan xodimlarni qayta tayyorlash xarajatining 1 million soʻmgacha boʻlgan qismiga subsidiya berilishi hamda yoshlarning professional taʼlim maktablari, texnikumlarda oʻqishi uchun toʻlanadigan kontrakt summasi daromad soligʻidan ozod qilinishi kabi imkoniyatlar alohida eʼtirofga loyiq.

Albatta, bularning barchasi mamlakatimizda davlatimiz rahbarining har bir oʻgʻil-qiz kelajagida Vatanning ertangi kunini, yorugʻ istiqbolini koʻrish orzusi, soddaroq izohlasak, otalarcha gʻamxoʻrligining ifodasidir.

Buni dildan his etgan va millat kelajagini oʻz fazilatlaridan axtarib, bilim, salohiyat va komillik sari intilishlarida topayotgan yoshlar, tabiiyki, bunday eʼtiborga javoban barcha jabhada yuksak choʻqqilarni zabt etish bilan javob bermoqda. Birgina Navoiy viloyatida oʻz ortidan kelayotgan uka-singillariga har jihatdan oʻrnak boʻlayotgan yigit-qizlarning safi tobora kengayib borayotir. Shuningdek, yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, ularning axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash vazifalarini oʻz ichiga olgan Beshta muhim tashabbus amalga oshirilib, salmoqli natijalar koʻzga tashlanmoqda.

Shu bilan birga viloyatda “mahallabay” xatlovdan oʻtkazish orqali 21 ming 452 nafar yigit-qizlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ularning 20 ming 736 nafari bandligi taʼminlandi. Xususan, 8 661 nafar yoshlar doimiy ish oʻrinlariga joylashtirilgan boʻlsa, 4 706 nafar yoshlarga 141,2 mlrd.soʻm imtiyozli kreditlar, 2 088 nafar yigit-qizga “Har bir yoshga – bir gektar” tamoyili asosida 524,2 gektar yer maydoni ajratildi. 2 ming 664 nafar yoshlarga 7,0 mlrd. soʻm mehnat qurollari, 134 nafar yoshlarga tadbirkorlik faoliyati amalga oshirishlari uchun ijara xarajatlariga subsidiya berildi. “Ustoz-shogird” anʼanasi doirasida 386 nafar yoshlar hunarmandlarga biriktirildi. 877 nafar talaba-yoshlarning 4,2 mlrd.soʻm toʻlov-kontraktlari, 234 nafar yigitning 1,2 mln. soʻm safarbarlik chaqiruvi rezervi xarajatlari qoplab berildi.

Albatta, yoshlar bilan ishlashda oddiy nigohlar har doim ham ilgʻayvermaydigan “ommaviy madaniyat”ning turli shtammlari, yot gʻoyalar taʼsiri, loqaydlik kabi illatlar ham borki, ularni bartaraf etishda yigit-qizlarning yakdilligi muhim oʻrin tutadi. Bu borada anʼana tusini olayotgan “Oʻzbekiston yoshlari forumi” oʻz samarasini berayotganini taʼkidlash oʻrinlidir.

Mazkur forum doirasida joriy yilda viloyatda yetmishga yaqin loyiha, tadbir, musobaqa va tanlovlar oʻtkazilib, ular oʻz atrofiga 500 ming nafarga yaqin yoshlarni birlashtirdi. Uning asosan 5 ta bosqichda, yaʼni koʻcha-mahalla – sektor – tuman - viloyat miqyosida tashkil etilganligi, bu esa mamlakatimizda yoshlar siyosatining har bir koʻcha va xonadongacha yetib borayotganligining amaliy tasdigʻidir.

Forumning yakuni bosqichiga viloyatning Qiziltepa tumani mezbonlik qilib, uning doirasida turli koʻrik-tanlov, sport musobaqalari, bahs-munozara va koʻrgazmalar tashkil etildi. Anjuman poytaxtdan tashrif buyurgan estrada yulduzlari va viloyat havaskor yoshlarining gala-konsert dasturi bilan yakunlandi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?