G7 davlatlari Ukrainani qancha kerak boʻlsa, shuncha  qoʻllab-quvvatlashini bildirdi

18:00 28 Iyun 2022 Dunyo
713 0

Foto: Reuters

G7 davlatlari (AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Yaponiya) Ukrainani zarur boʻlgan vaqtgacha, jumladan, qurol-yarogʻ yetkazib berish orqali ham qoʻllab-quvvatlashlarini maʼlum qilishdi. Bu haqda Germaniyada boʻlib oʻtgan G7 sammitining yakuniy kommyunike*siga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.

“Biz Ukrainani qancha kerak boʻlsa, shuncha qoʻllab-quvvatlaymiz va uning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun zarur moliyaviy, gumanitar, harbiy va diplomatik yordam beramiz”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, G7 davlatlari Ukrainaning erkin va demokratik kelajagini taʼminlash hamda oʻzini himoya qilish masalasida unga yordam berish uchun manfaatdor davlatlar bilan uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlari boʻyicha muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, hujjatda G7 mamlakatlari Ukrainani qayta tiklash boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazish zarur, deb hisoblanishi aytilgan.

“Biz xalqaro tiklanish konferensiyasi va Ukraina xalqaro hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqqan va amalga oshirayotgan reja orqali Ukrainaning tiklanishini qoʻllab-quvvatlashga qaror qildik”, deyiladi bayonotda.

Kommyunikeda G7 davlatlari allaqachon Kiyevga 2,8 milliard dollar miqdorida gumanitar yordam koʻrsatgani qayd etilgan. Ushbu davlatlar rasmiylari Ukrainaga yana 29,5 milliard dollar ajratishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Avvalroq G7 davlatlari yetakchilari yakuniy kommyunikeda Xitoydan “maxsus harbiy operatsiya”ni toʻxtatish uchun Rossiyaga bosim oʻtkazishni talab qilingani haqida xabarlar tarqalgan edi.

*Xalqaro muzokaralar yakunlari, kelishuvlar, mamlakat hayotidagi muhim voqealar, masalan, harbiy harakatlar, uchrashuvlar, yigʻilishlar, sammitlar natijalari toʻgʻrisida rasmiy bayonot.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?