Futbolchi Otabek Shukurov “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti, sportchining otasi qorabayir zotli ot bilan taqdirlandi

13:55 02 Iyul 2021 Sport
664 0

Xabaringiz bor, 30-iyun — “Yoshlar kuni” munosabati bilan mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilm-fan, taʼlim, madaniyat, sport va yana koʻplab sohalarda faollik koʻrsatayotgan bir qator yoshlar yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Jumladan, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va Birlashgan Arab Amirliklarining «Sharja» klubi aʼzosi Otabek Shukurov “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotiga munosib koʻrildi.

Shukurov Osiyo miqyosida yurtimiz sharafini munosib himoya qilish bilan birga, oʻzi tugʻilib oʻsgan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani yoshlariga oʻrnak boʻladigan xayrli ishlarni amalga oshirmoqda.

Chunonchi, 1-iyul kuni Otabek Shukurov 100dan ortiq yoshlar tahsil olishiga moʻljallangan oʻquv markazining ochilish marosimini oʻtkazdi. Ayni shu tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev ham ishtirok etib, milliy terma jamoamiz futbolchisiga mukofotni topshirdi.

Shuningdek, tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi mana shunday vatanparvar oʻgʻlonni tarbiya qilgan Otabek Shukurovning otasi Gʻayrat Murodovga millatimiz gʻururiga aylanib borayotgan qorabayir zotli ot sovgʻa qildi.

Turizm va sport vazirligi jamoasi keng sport jamoatchiligi nomidan Otabek Shukurovni yuksak davlat mukofoti bilan samimiy tabriklab, uning kelgusi faoliyatida omad va zafarlar yor boʻlishini tilaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?