Furqat tumanida bolalarning MTTga qamrov koʻrsatkichi 92 foizdan oshdi

15:59 04 Avgust 2022 Jamiyat
280 0

Foto: Xalq so‘zi

Prezidentimizning “Maktabgacha taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Fargʻona viloyatida ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyatning olis Furqat tumanida 2017-yilda 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish koʻrsatkichi atigi 37,6 foiz edi. Ayni paytga kelib bu raqam 92,2 foizni tashkil etmoqda. Oʻtgan besh yilda tumanda 128 ta nodavlat (5 ta davlat-xususiy sheriklik, 123 ta oilaviy) MTT faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Fargʻona viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi axborot xizmati rahbari Fayzullo Sultonovning maʼlum qilishicha, tumandagi «Chek-chuvaldoq» MFYda joylashgan 28-sonli bogʻchada 3,8 mlrd. soʻmlik qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Buning samarasi sifatida muassasaning qamrov darajasi 120 oʻringa yetkaziladi. “Navbahor” MFYdagi 1-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini zamonaviy koʻrinishga keltirish uchun 4,2 mlrd. soʻm ajratildi. Bugungi kunda qurilish ishlari jadal olib borilayotgan bogʻcha yaqin kunlarda 120 nafar bolajonni oʻz bagʻriga oladi.

Yil yakuniga qadar Furqat tumanida bolalarning MTTga qamrov koʻrsatkichini 95-98 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?