Furqat tumani tez tibbiy yordam stansiyasining yangi binosi foydalanishga topshirildi

18:38 25 Iyul 2023 Jamiyat
818 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona viloyatining eng olis hududi — Furqat tumanida foydalanishga topshirilgan tez tibbiy yordam stansiyasining yangi binosi qurilishi uchun “Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali 5 ming 148 ta ovoz toʻplandi va 1 mlrd. 200 mln. soʻm mablagʻ ajratildi. Natijada tuman ahliga namunali xizmat koʻrsatishga moʻljallangan tez tibbiy yordam stansiyasining muhtasham va zamonaviy binosi qad rostladi.

— Tez tibbiy yordam stansiyasi 2 ta reanimobil va 7 ta tez tibbiy yordam avtomashinalari bilan taʼminlandi, — deydi Furqat tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Bunyodjon Meliyev. – Shuningdek, 2 ta feldsherlik va 7 ta shifokorlar brigadasidan tashkil topgan malakali tibbiyot xodimlari uchun barcha qulayliklar yaratildi. Tezkor internet, telefon va radioaloqa tizimlari yoʻlga qoʻyilgani bemorlarga tez va sifatli xizmat koʻrsatishda yanada qoʻl keladi.

Oʻz navbatida tibbiyot muassasasida avtotransport vositalari uchun usti yopiq turargoh, dorixona, chaqiriqlarni nazorat qilish, dori-darmonlarni saqlash va tarqatish hamda ambulator sharoitda davolanadigan bemorlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish xonalari ham tashkil etildi.

                                                                        Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?