Fuqarolik jamiyatining mustaqilligi va davlat bilan hamkorligi: yangi qonun muhokamada
Oʻzbekiston Respublikasi parlamentida fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) huquqlarini himoya qilish, ularning erkin faoliyat yuritishini taʼminlash, shuningdek, davlat organlari bilan munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Ushbu tashabbus mamlakatda demokratik qadriyatlarni rivojlantirish, jamoatchilik nazorati taʼsirchanligini oshirish va fuqarolik jamiyati institutlarining mustaqilligini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan.
Yangi qonun loyihasiga muvofiq, NNTlar faoliyatiga noqonuniy aralashuv holatlarini oldini olish maqsadida davlat organlarining mansabdor shaxslariga maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda. Bunday chora-tadbirlar NNTlar faoliyatining qonuniy kafolatlarini taʼminlashga, ularning mustaqil va samarali ishlashlariga zamin yaratadi. BMTning “Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakti”, shuningdek, YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (ODIHR) tomonidan ham NNTlar faoliyatiga noqonuniy aralashuvning oldini olish muhimligi taʼkidlangan. Yevropa Kengashining “Fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tavsiyalari” ham davlat organlarining NNTlar faoliyatiga toʻsqinlik qilmasligi va ularning mustaqilligini himoya qilishini talab qiladi.
Shuningdek, qonun loyihasi davlat idoralarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan munosabatlarini kuchaytirish, jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish va jamoat tashkilotlarining ijtimoiy sherik sifatidagi rolini mustahkamlashni nazarda tutadi. Xususan, davlat organlari tomonidan jamoatchilik nazorati natijalari asosida qabul qilingan yakuniy hujjatlarni belgilangan muddatda koʻrib chiqish majburiyati belgilanmoqda. Ushbu talabga amal qilmagan mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari joriy etiladi. Bu esa, oʻz navbatida, davlat boshqaruvining shaffofligi va hisobdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, faoliyat erkinligi kafolatlarini mustahkamlash va ularning ishonchli hamkor sifatida davlat boshqaruvida ishtirokini kengaytirishga imkon yaratadi. Buning natijasida jamoatchilik fikri davlat siyosatida kengroq aks etishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va samaradorligi oshishi, fuqarolarning davlat boshqaruviga boʻlgan ishonchi mustahkamlanishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, yangi qonun jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda yagona huquqni qoʻllash amaliyotini joriy qilish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida konstruktiv muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga yoʻl ochadi. Bunday huquqiy kafolatlar nafaqat fuqarolik jamiyati institutlarining mustaqilligini taʼminlaydi, balki ularning aholi manfaatlarini himoya qilishdagi rolini ham kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini yanada faollashtirish, jamoatchilik fikrining davlat siyosatini shakllantirishda inobatga olinishini taʼminlash, ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash va mamlakatda ochiqlik hamda shaffoflik tamoyillarini rivojlantirishga katta hissa qoʻshadi. Bunday tashabbuslar Oʻzbekistonda demokratik institutlarni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
Eldor Tulyakov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring