Fuqarolik jamiyatining huquqiy himoyasi

15:18 26 Noyabr 2020 Siyosat
1049 0

8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun 

Bugun oldimizga qoʻyilgan asosiy maqsad va ustuvor vazifalar mamlakatimizni erkinlashtirish va modernizatsiya qilishda uzoqni koʻzlaydigan “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyiliga asoslangan. Bu demokratik islohotlarimiz izchil va tadrijiy, bosqichma-bosqich hamda uzluksiz tizimli jarayon ekanining yana bir isbotidir.

Shu nuqtayi nazardan aytganda, yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bundan asosiy maqsad, avvalo, kishilarimiz ongiga demokratik qadriyatlar va koʻnikmalarni izchillik bilan singdirib borishdir.

Oʻz navbatida, Asosiy Qonunimizda alohida, XIII bob va 7 ta modda bevosita jamoat birlashmalarining huquq va majburiyatlariga bagʻishlaganini taʼkidlash joiz. Xususan, Konstitutsiyamizning 58-moddasida belgilanganidek, davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.

Konstitutsiyamizda, shuningdek, nodavlat va notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomi mustahkamlangan boʻlib, 56-moddada qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida eʼtirof etiladi.

Shu tariqa Konstitutsiyamizda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga doir asosiy prinsiplarning mustahkamlab qoʻyilgani barcha aholi qatlamlari manfaatlarini aks ettiradigan bunday tashkilotlar keng tarmoqlarining rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratdi.

Qayd etish lozimki, mazkur qonuniy mustahkamlanish va NNTning mustaqilligi MDH davlatlarining hech birida normaga kiritilmagan.

Mamlakatimizda bunday tashkilotlarning obroʻsi oshib, mustahkamlanib borgani sari fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi roli tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda jamoatchilik va fuqarolik nazorati instituti jamiyatning davlat bilan oʻzaro samarali aloqasini taʼminlash, odamlarning kayfiyatini, mamlakatda kechayotgan oʻzgarishlarga munosabatini aniqlashning muhim vositalaridan biriga aylanmoqda.

Shu maʼnoda, fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga, fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan 250 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani diqqat sazovordir.

Xususan, mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarini fuqarolik jamiyati institutlari sifatida tobora taraqqiy ettirish, ularning mustaqil faoliyat yuritishini taʼminlash maqsadida “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Jamoat fondlari toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi, “Homiylik toʻgʻrisida”gi qonunlar va boshqa huquqiy asoslarning shakllantirilganligi natijasida NNT oʻzlarida fuqarolik jamiyati institutlariga xos belgilarni ifoda eta boshladilar.

Bugungi kunda yurtimizda oʻn ikki mingga yaqin NNT faoliyat yuritadi, ularga mintaqaviy va mahalliy tashkilotlarni misol qilish mumkin. Eng yirik fuqarolik jamiyati institutlaridan biri — siyosiy partiyalardir. Hozirgi vaqtda 5 ta yetakchi siyosiy partiya Oliy Majlis va mahalliy Kengash deputatlari orqali davlatimizdagi siyosiy-ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda ishtirok etishmoqda.

Umuman aytganda, fuqarolik jamiyati — bu shunday ijtimoiy tuzumki, unda qonunlar ustuvorligi taʼminlanadi, inson huquq va erkinliklari qaror topadi, siyosiy partiyalar va institutlar, fikrlar xilma-xilligi kafolatlanadi, insonga uning iqtisodiy, siyosiy hamda madaniy hayot shakllarini erkin tanlashi ifodalanadi. Shu bois, ularning har jihatdan taraqqiy etishi kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Gulruh AGZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?