Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini taʼminlash — pirovard maqsad

09:03 27 Avgust 2021 Jamiyat
874 0

Davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan: “Yangi Oʻzbekiston demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” suhbatida keyingi besh yil ichida jonajon yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning mazmun mohiyati va zaruriyati batafsil aks ettirilgan.

Suhbatda taʼkidlanganidek, xalqimiz bugungi kunlarga ogʻir hayotni boshidan kechirib, Vatan ozodligi uchun kurashgan yuzlab maʼrifatparvar bobolarimiz, ilm-fan dargʻalarini “xalq dushmani” tamgʻasi bilan qatagʻon qurbonlariga aylantirgan butun boshli tajovuzkor tuzumni parchalash orqali musharraf boʻldi. Bunyodkor va mehnatkash xalqimiz, mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, juda qisqa davrda demokratiya tamoyillariga asoslangan jamiyat barpo etdi. Vatanimiz Bosh Qomusi yaratilib, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari yuzaga keldi. Milliy valyutamiz va milliy armiyamiz shakllandi. Bir paytlar istibdod zulmi ostida ushlab turilgan yurtda oʻz fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi kuchli davlat boshqaruvi qaror topdi. Suhbatda oʻz aksini topgan bu jarayonlar har bir oʻquvchiga jonajon Vatan oldidagi muqaddas fuqarolik burchini takror-takror eslatadi.

Maʼlumki, yurtimiz doimo keng imkoniyatlar beshigi boʻlib kelgan. Shu bois tarixda mustabid tuzum barpo etgan bosqinchilar albatta masalaning ana shu jihatiga alohida eʼtibor qaratishgan. Musaffo suv va havo, unumdor tuproqqa ega boʻlgan zaminda yashash, uning noz-neʼmatlaridan bahramand boʻlish buyuk millatimiz dushmanlarining birlamchi orzusi boʻlgan. Yaratganga shukrlar boʻlsinkim, mustaqillik tufayli bugun bu neʼmatlar toʻligʻicha xalqqa qaytarildi. Istibdod yillarida toptalgan tariximiz, milliy va diniy qadriyatlarimiz qayta tiklanib, jahon jamoatchiligi eʼtirofiga sazovor boʻldi. Bir paytlar dunyo xalqlari madaniyati, ilmu fani rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan maʼrifatparvar allomalarimiz Uygʻonish davriga ham asos solishgan. Ular tarbiya topgan yurtda keyingi besh yilda amalga oshirilgan islohotlar samarasi tufayli “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” davri boshlandi. Albatta bu jarayonlar suhbatda toʻliq va mukammal bayon etilganligi bilan ham katta ahamiyatga ega.

Prezidentimiz suhbat asnosida jamiyat rivojidagi muhim bosqichlarni birma-bir sanab oʻtarkanlar, davlat organlari faoliyatidagi ochiqlik va oshkoralik tarafdori ekanligini, bugungi kunning rahbari kechayu kunduz xalq bilan yelkama-yelka turib ishlashi, mavjud muammolarni ortga surmay, tezkor hal etishi, oʻzlari taʼkidlaganidek, xalq xizmatkori boʻlishi lozimligi yana bir bor uqtiriladi.

Davlat rahbari oʻz faoliyatining dastlabki kunlaridanoq sud va huquq-tartibot idoralarida tub islohotlar oʻtkazishga kirishdi. Sud va prokuratura idoralari, qonunni nazorat qiluvchi va ijro etuvchi boʻgʻinlarda yangicha tamoyillar joriy etildi. Shaffof va adolatli ishlash prinsiplari ishlab chiqildi. Bugun ana shu qatʼiy talab tufayli sud va prokuratura tizimi yangi bosqichga koʻtarildi. Har bir ishda adolat mezoni qaror topdi. Buni muhtaram Prezidentimiz suhbat asnosida: “Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik boʻlishi kerak”-deya taʼkidlaydilar.

Aholi oʻrtasidagi kambagʻallik qatlamini bosqichma-bosqich bartaraf etish, mahalla va qishloqlarni obodonlashtirish, odamlar turmush madaniyatini yuksaltirish borasida keyingi besh yilda ulkan bunyodkorliklar, qator samarali ijtimoiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Maqolada bu jarayonlar batafsil tahlil qilinarkan, “Keksalar, nogironlar, ogʻir ahvolga tushib qolgan insonlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga mehr va muruvvat koʻrsatish kabi ezgu anʼanalar bugungi kunda yangicha maʼno-mazmun, amaliy harakatlar bilan boyib, takomillashib bormoqda. Bu borada, ayniqsa, «Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar oʻz ijobiy natijasini bermoqda-, deydi Prezident.

Kasb taqozosi bilan viloyatning tuman va shaharlaridagi aholi bilan yuzma-yuz muloqotlarda, ijtimoiy muammolarni uyma-uy yurib oʻrganish jarayonlarida ulugʻ yoshdagi kishilar bilan juda koʻp suhbatlashaman, duosini olishga harakat qilaman. Ular, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari ijrosidan cheksiz quvonchga toʻlib, “Prezidentimizning otasiga rahmat, bu yaqin orada qishloqlarimizni obod manzilga aylantirishga hech bir rahbar bunchalik eʼtibor qilmagandi!”-degan soʻzlarini koʻp eshitaman. Shunda, Prezidentimiz boshlagan ishlarni naqadar savobli, xayru barakotli ekanligini anglayman. Aynan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda joriy etilgan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, «mahallabay» va «xonadonbay» ishlash usullari tufayli yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar yechim topmoqda. Fuqarolarning huquq va burchlari qonun himoyasi bilan kafolatlanishi taʼminlandi. Bu jarayonlarni davlatimiz rahbari bunday baholaydilar: “Ayniqsa, «inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “soʻz erkinligi”, “din va eʼtiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy koʻnikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani eʼtiborlidir».

Bugun oilada barchamiz uchun moʻtabar boʻlgan ayollarimiz, xotin-qizlarga davlatimiz tomonidan berilayotgan eʼtibor oʻz mazmun mohiyati bilan qadrlidir. Sir emas, ayollarning ishsizlik darajasi mavjud. Jamiyatdagi ana shu boʻshliqni toʻldirish, onalik va bolalikni qonuniy himoya qilish, xotin-qizlarning hayotdagi nufuzini oshirish borasida keyingi besh yilda juda katta ishlar qilindi. Suhbatda taʼkidlanganidek bu boradagi amaliy harakatlar natijasi sifatida 24 ta hujjat, 2 ta qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 6 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 16 ta qarori qabul qilinganini sanab oʻtishimiz mumkin.

Ayollarimizga doimiy eʼtibor sifatida Gender tenglikni taʼminlash boʻyicha komissiya, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi faoliyat koʻrsatmoqda. Xotin-qizlarimizning ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokini ragʻbatlantirish uchun “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etildi. Suhbatni oʻqirkanman, jamiyatimizdagi bu muhim jarayonlar ham birma-bir tahlil qilinganini koʻraman.

Bugun zalvorli yuk bilan dadil odimlayotgan Yangi Oʻzbekiston bu — muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan — xalqning barcha gʻoya va tashabbuslari jamlanmasi, qolaversa, bugunining zaruratidir. Buni suhbatdagi mana bu satrlar orqali yanada teranroq anglaymiz: “Taʼkidlash kerakki, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir.”

Bugun butun dunyo hamjamiyati qoʻshni Afgʻonistondagi siyosiy vaziyatga guvoh boʻlib turibdi. Aslida, muhtaram Prezidentimiz oʻz faoliyatini boshlagan dastlabki yildayoq afgʻon muammosini tinch muzokaralar yoʻli bilan hal etish tashabbusini koʻtarib chiqqandilar. Shuningdek, atrofimizdagi qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro munosabatlarni ham yangi bosqichga olib chiqdilar. Suhbatda bu mezonlar ham batafsil tahlil qilinganligi bilan ahamiyatlidir.

“Yangi Oʻzbekiston – bu, avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir”-deyiladi suhbat davomida. Ana shu yangilanishlar zamirida fuqarolik jamiyati shakllanayotir. Bozor tamoyillariga moslashgan yangi ishlab chiqarish tizimi yaratilmoqda. Bunda albatta, birlamchi vazifa xalq manfaatlarini himoya qilish, Qonun ustuvorligini taʼminlashdir. Birgina misol, viloyatda qishloq xoʻjaligi jarayoniga klaster tizimini kirib kelishi tufayli barcha qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish, jumladan paxta va gʻalla hosildorligi bir necha barobarga oshdi. Suv taʼminoti muammo boʻlgan hududlarda zamonaviy tomchilatib sugʻorish texnologiyalari yuksak samara bera boshladi. Xalqimiz yangi jamiyat sari odimlarkan, fuqarolarning yer va mulkka boʻlgan munosabati tubdan oʻzgarib bormoqda. Tadbirkorlik faoliyati keng rivoj topib, uning haq-huquqlari Qonun himoyasiga olindi. Shu bois ham keyingi yillarda tadbirkorlar mamlakatimizning asosiy tayanchiga aylandi. Muhtaram Prezidentimiz buni kuni kecha mamlakatimiz tadbirkorlari bilan oʻtkazgan ochiq muloqotida ham mamnunlik bilan taʼkidlab: “Biz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkorlarimizni, oʻz ishiga fidoyi va jonkuyar, vatanparvar insonlar deb bilamiz va ularni qadrlaymiz. Ayniqsa, murakkab pandemiya davridagi sinov va qiyinchiliklar paytida ham xalqimizga madadkor boʻlib, oʻz biznesini nafaqat saqlab qolgan, balki yangi ish oʻrinlarini yaratib, muhtojlarga koʻmak berayotgan hamda ishlab chiqarish va eksportni oshirgan tadbirkor doʻstlarimga bugun chin qalbimdan rahmatlar aytaman”-dedi.

Suhbatda barchamiz uchun katta ibrat maktabi boʻlgan jihatlar borki, bu ham boʻlsa, muhtaram Prezidentimizning oʻziga xos ish uslubi oʻlaroq, mahalliy rahbarlarning soxtakorlik va riyokorlikka berilishi, ayrim hollarda yuqoriga yolgʻon hisobotlar tayyorlashiga murosasiz ekanligidir. Davlatimiz rahbari buni viloyatlarga, jumladan, Toshkent viloyatiga tashrifi asnosida ham bir necha bor namoyon etdilar.

Suhbatda global pandemiya sharoitida fuqarolar salomatligini himoya qilish, tibbiy xizmat koʻrsatish madaniyatini rivojlantirish chora-tadbirlari ham oʻz aksini topgan. Bu ayniqsa, bugungi sharoitda suv bilan havodek zarur. Shu bois ham Prezidentimiz suhbatda bu jihatlarga alohida urgʻu berib: “Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, odamlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi tamoyillarini keng targʻib etish nafaqat tibbiyot sohasi, balki butun jamiyatimiz oldidagi dolzarb vazifadir”-deydi.

Jonajon Oʻzbekistonimizning dunyo hamjamiyati oldidagi nufuzi kun sayin yuksalmoqda. Bugun yurtimiz Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarida oʻz oʻrniga ega boʻldi. Markaziy Osiyoni Hind Okeaniga chiqishi uchun yangi transport yoʻllarini barpo etish masalasi tashabbuskori ham Oʻzbekiston rahbaridir. Bu tashabbuslar joriy yilning 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yana bir bor eʼtirof etildi. Suhbatda mamlakatimizning tashqi siyosat borasidagi bunday dadil odimlari ham birma-bir sanab oʻtilarkan, yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan oʻzaro hamkorliklar natijasi tufayli yaqin mamlakatlar va uzoq Yevropa davlatlari bilan munosabatlarimiz tobora takomillashib borayotgani tilga olinadi.

Muxtasar qilib aytganda muhtaram Prezidentimizning suhbatlari har birimiz uchun katta ibrat maktabidir. Qolaversa, jamiyatimiz rivoji yoʻlida belgilangan barcha vazifalar oʻz ulugʻvorligi bilan muhimdir.

Salom SAMADOV,
Toshkent viloyati prokurori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?