Fuqarolarning xabardorlik darajasi qanday?

15:44 14 Sentyabr 2022 Jamiyat
442 0

Foto: Халқ сўзи

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi mamlakatimiz fuqarolari oʻrtasida telefon orqali soʻrov oʻtkazdi.

Unda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining shu yil 15-16-sentyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan majlisiga oʻzbekistonliklarning munosabati, SHHT faoliyatining iqtisodiy jihatlari, xavfsizlik siyosati va tashkilotni kengaytirish xususiyatlari, shuningdek, dunyoda iqtisodiy va siyosiy xatar hamda tahdidlarning ortishi munosabati bilan aʼzo mamlakatlar oʻzaro hamkorligining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi fikri aniqlandi.

Soʻrovda mamlakatimiz barcha hududining aholisi, erkaklar va xotin-qizlar, turfa ijtimoiy qatlamlarga mansub hamda koʻplab sohalarda band boʻlgan koʻplab millat vakillari va turli yoshdagi fuqarolar ishtirok etdi.

Soʻrov oʻzbekistonliklarning aksariyati joriy yil sentyabr oyida Samarqandda SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining uchrashuvi boʻlib oʻtishi toʻgʻrisida yetarlicha xabardorlik darajasini koʻrsatdi. Xususan, ularning 39,5 foizi boʻlajak muhim siyosiy voqeadan yaxshi xabardor ekanligini taʼkidlagan boʻlsa, 27 foiz soʻrov ishtirokchilari esa “Ha, bu haqda eshitganman” degan javobni aytgan.

Tadqiqot davomida respondentlar SHHT faoliyati va boʻlajak sammit ommaviy axborot vositalarida keng muhokama etilayotganligi, Samarqandda boʻlib oʻtishi tufayli ushbu siyosiy voqeaga, shuningdek, Oʻzbekistonning SHHT davlatlari bilan integratsiya jarayonlari va ular oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik hamda konstruktiv muloqotni rivojlantirish masalalariga faol qiziqish bildirayotganliklarini taʼkidladilar.

Oʻtkazilgan soʻrov hamyurtlarimiz SHHTning xalqaro aloqalarni rivojlantirishdagi asosiy mohiyati va ahamiyatini anglashlarini, fuqarolar tashkilotga aʼzo davlatlarning barcha sohadagi oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorligini mustahkamlash har bir mamlakatdagi alohida iqtisodiy oʻsishga hissa qoʻshishiga, global iqtisodiy inqirozga, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va axborot tahdidlariga qarshi birgalikda qarshi turishga imkon berishiga ishonishlarini tasdiqlaydi.

Soʻrovda ishtirok etgan respondentlar SHHT faoliyatining asosiy maqsadi, ularning tasavvurida, xalqlar oʻrtasida oʻzaro anglashuvni mustahkamlash, mintaqada doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishdan iborat ekanini taʼkidladi. Fuqarolar aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlash, gumanitar sohadagi hamkorlik, SHHT makonidagi xalqlarning farovonligi va bir-birini anglashiga koʻmaklashuvchi turli madaniyat va sivilizatsiyalarning konstruktiv muloqotini SHHT faoliyatining muhim tarkibiy qismi, deb hisoblaydi.

Fuqarolarning fikricha, SHHT bugungi kunda yuqori nufuzga ega va mintaqadagi koʻplab davlatlar uchun jozibador hisoblanib, ishtirokchi mamlakatlarga tashkilot doirasida samarali muloqot va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratmoqda.

Oʻtkazilgan tadqiqotning koʻrsatishicha, oʻzbekistonliklar Shanxay hamkorlik tashkilotining mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, ishtirokchi mamlakatlarning samarali mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi uchun shart-sharoitlar yaratish, tenglik, oʻzaro hurmat va milliy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan xalqaro huquq normalariga muvofiq SHHT makonida keng, ochiq, oʻzaro manfaatli va teng huquqli hamkorlikni shakllantirish borasidagi faoliyatini ijobiy baholaydi.

Har ikkinchi respondent mintaqadagi qoʻshnilar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada rivojlanishidan umid qilmoqda, 51,5 foiz respondentlar ishtirokchi mamlakatlar davlat rahbarlari hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan samarali qarorlar qabul qilishiga, SHHT doirasida yangi shartnomalar hamda butunlay yangi yoʻnalishlar va yangi loyihalar paydo boʻlishiga ishonadi.

Telefon soʻrovi natijalari tahlilining koʻrsatishicha, respondentlar SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari uchrashuvi Samarqandda oʻtkazilishiga ijobiy munosabatda boʻlib, ular mamlakatimiz, mintaqa va butun dunyodagi ishlarning mavjud holatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan muhim tarixiy voqeaning guvohi boʻlishayotganini qayd etdi.

Ularning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning geosiyosiy markaziga aylanmoqda, iqtisodiy va siyosiy sohalarda faollik koʻrsatmoqda, mintaqada har jihatdan yetakchi boʻlib bormoqda, ayni paytda ichki siyosiy barqarorlik, madaniy ustuvorlik, mustaqil va faol siyosiy mavqe mamlakatimizning mintaqaviy yetakchilik maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Umuman olganda, tadqiqot natijalari SHHT Davlat rahbarlari kengashining boʻlajak majlisiga oʻzbekistonliklarning ijobiy munosabatini aniqlab berdi. Koʻrinib turganidek, koʻplab ishtirokchilar uchun mamlakatimizda muhim siyosiy tadbirning oʻtkazilishi haqiqatan ham Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvining faol va yanada barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ajralmas jarayonlari ifodasi sifatida qabul qilinmoqda.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini

oʻrganish markazi materiallari asosida tayyorlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?