Fuqarolarni noqonuniy ravishda Haj ziyoratga yubormoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi

11:44 13 Iyun 2024 Jamiyat
243 0

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda fuqarolarni Haj ziyoratiga noqonuniy yuborishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1966 va 1968-yillarda tugʻilgan aka-uka oʻzaro til biriktirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2 nafar fuqaroning Saudiya Arabistoniga Haj safariga borishlari uchun talab etiladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ularni ziyoratga yuborish evaziga 12 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga Toshkent shahridagi sayyohlik firmasining muqaddam firibgarlik jinoyatlari uchun 2 marotaba sudlangan ijrochi direktori aloqador ekanligi maʼlum boʻlgan.

Andijon viloyatining Izboskan tumanida esa sayyohlik firmasi xodimi mazkur tumanda istiqomat qiluvchi fuqaroni aldov yoʻli bilan ishonchiga kirib, uni va onasini joriy Haj mavsumida muborak safarga yuborish evaziga 15 ming AQSH dollari talab qiladi. Ammo, u soʻralgan pul mablagʻidan 7 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, u mazkur noqonuniy ishni sayyohlik firmasi rahbari bilan kelishgan holda amalga oshirganligi aniqlandi.

Yana bir holatda Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanida yashovchi, 1990-yilda tugʻilgan shaxs ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni 8700 AQSH dollari evaziga Haj ziyoratiga joʻnatishini aytib, Buvayda tumanida istiqomat qiluvchi, 1981-yilda tugʻilgan fuqaro va uning 1959-yilda tugʻilgan onasini hoji maqomini olishlari uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 17 400 AQSH dollari talab qiladi. Lekin, u soʻralgan pul mablagʻidan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Margʻilon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari esa Qoʻshtepa tumanida yashovchi fuqaroni Haj amallarini bajarishi uchun Saudiya Podshohligiga yuborish evaziga 14 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер