Fuqarolarga ajratilgan kredit mablagʻlarini oʻzlashtirgan Markaziy bankning Namangan viloyat boshqarmasi mutaxassisiga sud hukmi oʻqildi
Foto: Xalq so‘zi
Keyingi paytlarda tijorat banklari tomonidan koʻrsatilayotgan moliyaviy yordam hisobiga oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib olayotgan yurtdoshlarimiz safi muttasil kengayib bormoqda. Bu, eng avvalo, davlat tomonidan tadbirkorlik harakati rivoji uchun yaratilgan qulay imkoniyatdir. Xoʻsh, bank kreditlarini olish osonmi, qolaversa, bunday mablagʻlar haqiqiy egalariga yetib boryaptimi?
Ayrim moliyaviy muassasalarda sodir boʻlayotgan ajabtovur qonunbuzilishlar bu savolga uzil-kesil ijobiy javob berishni mushkullashtiradi. Boisi, davlat tomonidan aholi uchun ajratilayotgan kredit mablagʻlarini talon-toroj qilish, oʻzlashtirish bilan bogʻliq holatlar natijasida oʻzgalar mulkiga koʻz olaytirish, davlat byudjetini talashdek vijdonsizlikka yoʻl qoʻygan bankirlar hamon uchramoqda.
Markaziy bankning Namangan viloyat boshqarmasida mutaxassis boʻlib ishlab kelgan oʻttiz yoshli Javohir Temirov (ism-sharifi oʻzgartirilgan) shunday ishga qoʻl urib, oxir-oqibatda el ichida sharmanda boʻldi, ish joyidan ajraldi. U jinoiy sheriklari bilan oʻzaro til biriktirgan holda “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida fuqarolarga ajratilgan kredit mablagʻlarini oʻzlashtirib, oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishni odat qiladi. Xususan, «Agro bank»ning Toʻraqoʻrgʻon filialidan asalarichilik yoʻnalishi boʻyicha fuqaro G. Yusupovaga ajratilgan 26 million soʻm hamda yana bir fuqaro A.Nuriyevga ajratilgan 25,5 million soʻm pullarni jinoiy sherigi Jobir Siddiqov rahbarligida tashkil etilgan masʼuliyati cheklangan jamiyat hisob raqamiga tushirib oladi. Egri harakatning natijasi aniq - oʻz egalarining ishini yuritish uchun sarmoya vazifasini bajarishi lozim boʻlgan pullar bank xodimining harom luqmasiga aylanadi.
Bolta tushguncha kunda dam oladi, qabilida ish tutgan bankir yana bir holatda yuqoridagi bank filialidan issiqxona qurish yoʻnalishi boʻyicha fuqaro S.Mahmudovga ajratilgan 26 million soʻm hamda fuqaro I.Xabibullayevaga ajratilgan shuncha miqdordagi kreditga koʻz olaytiradi. Bu mablagʻlarni ham boshqa bir masʼuliyati cheklangan jamiyati hisob raqamiga tushirib, jinoiy sheriklari bilan birga oʻzlashtiradi. Sodir etgan jinoyatlarini yashirish va javobgarlikdan qochish maqsadida fuqarolarga mahsulotlar yetkazib berilganligi yuzasidan rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumot va yozuvlar kiritib, bank filialiga taqdim etadi.
— Oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas. Mansab vakolatidan foydalangan holda qayta-qayta qingʻir ishlarga qoʻl urgan Javohir Temirov koʻza kunda emas, kunida sinishini esidan chiqarib qoʻygan edi, — deydi olgʻir bankirning ishini koʻrib chiqqan Namangan viloyat sudining sudyasi Shuhratjon Qurbonov. — Chunki har qanday jinoiy ish kun kelib fosh boʻlishi va unga jazo muqarrarligi bor gap. Ayni jihatdan davlat byudjetidan ajratilgan xalq pullariga xiyonat qilgan Javohir Temirov hamda uning jinoiy sheriklari qilmishi ham oʻz bahosini oldi. Sud hukmiga koʻra, jinoyatchilarning aybiga iqrorligi va qilmishidan pushaymonligi hamda yetkazilgan zarar qoplanganligi sababli ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlandi.
Shu oʻrinda mulohaza tugʻiladi. Maʼlum bir kasb-korga ega boʻlib, qaysidir davlat tashkilotida masʼul lavozimda munosib oʻrin topish uchun insondan yillar davomida mashaqqatli mehnat talab qilinadi. Biroq, ming afsuski, bunday imkoniyatga erishgan pallada toʻgʻri yoʻldan adashadiganlar ham yoʻq emas. Xuddi yuqoridagi qilmish-qidirmishga ruju qoʻygan bankir misoli.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring