Fuqarolar ehtiyojiga qaratilgan davlat xizmatlari “Bir qadam” tamoyili asosida rivojlantiriladi

18:26 11 Dekabr 2023 Jamiyat
341 0

Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMT TDning Oʻzbekistondagi qoʻshma loyihasi tomonidan hamda Germaniyaning Oʻzbekistondagi xalqaro hamkorlik jamiyati, Oliy Majlis Senati, “Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi” (Oʻzbekiston) va “Marta” (Latviya) tashkiloti bilan hamkorlikda “Fuqarolar ehtiyojiga qaratilgan davlat xizmatlari “Bir qadam” tamoyili asosida xalqaro va milliy tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

“Oʻzbekistonning qishloq joylarida davlat xizmatlarini koʻrsatish va boshqarishni takomillashtirish” dasturi doirasidagi ushbu xalqaro konferensiyaning maqsadi mutaxassislar, rahbarlar, faollar, siyosatchilar va hamkorlarni bir joyga yigʻish, muloqot, hamkorlik va barcha toifalar, xususan, ayollar, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar kabi zaif guruhlar uchun davlat xizmatlari sifati va qulayligini yanada oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish uchun platforma yaratishdan iborat.

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan soʻnggi yillarda jamiyatda barqaror iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy adolatni taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar aholining davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun qulay sharoitlar yaratishdan iborat. Raqamli texnologiyalar nafaqat “inson omili”ning davlat boshqaruvi sifatiga taʼsirini kamaytirish, balki davlat xizmatlaridan foydalanishda aholining individual ehtiyojlariga ham eʼtibor qaratish imkonini bermoqda.

Konferensiya ochilishida ishtirok etgan Adliya vazirligi vakillari aholiga ijtimoiy davlat xizmatlari koʻrsatilishi boʻyicha qilingan ishlar hamda kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga haqida maʼlumot berishdi.

Xususan, bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 40 dan ortiq ijtimoiy sohadagi davlat xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ustuvor maqsadlarimizdan biri hisoblanadi.

Jumladan, barcha davlat xizmatlari markazlarida Ijtimoiy xizmatlar burchagi tashkil etilgan boʻlib, nogironligi bor shaxslar, keksalar va yosh bolali ayollarga xizmatlardan navbatsiz foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Bundan tashqari I va II guruh nogironligi bor shaxslar uchun davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun undiriladigan toʻlovlardan 50% chegirma qoʻllanilishi joriy etildi.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan ijtimoiy himoyaga oid davlat xizmatlarini proaktiv shaklda, yaʼni fuqaroning murojaatini kutmagan holda ularga xizmatlar koʻrsatilishini kengaytirish ishlari olib borilayotgani taʼkildandi.

Shu bilan birga Davlat xizmatlari markazlari nogironligi boʻlgan shaxslar uchun inklyuziv muhitni yaratish uchun moslashgani, DXMlarning zamonaviy binolari pandus, maxsus kutish joylari bilan jihozlangan hamda surdo tarjimon planshetlari va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun alohida boshqa xizmat koʻrsatish sharoitlari yaratilgani, DXMlarda nogironligi boʻlgan shaxslar, keksa va homilador ayollarga davlat xizmatlarini koʻrsatish navbatsiz amalga oshirilayotgani haqida batafsil maʼlumot berildi.

Konferensiyada plenar sessiyalar, panel muhokamalari va taqdimotlar formatida bir qator mavzu va masalalar ham koʻrib chiqildi. Aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida xizmatlarni yanada soddalashtirish, bu sohadagi davlat xizmatlari sonini oshirish hamda qoʻshimcha imtiyozlarni joriy etish boʻyicha vazifalar belgilib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер