Fuqaro roziligining yana bir muhim sharti

18:56 30 Noyabr 2020 Jamiyat
234 0

Koronavirus pandemiyasi xizmat koʻrsatish sohalari faoliyati, ish va kun tartibiga ham oʻz oʻzgarishlarini kiritdi. Biroq hayotning kechiktirib boʻlmaydigan tashvish va ehtiyojlari bor. Bugun ularning aksariyati Davlat xizmatlari agentligi tizimi tomonidan qanoatlantirilib, eng olis hududlarda ham oʻzining zamonaviy xizmati bilan fuqarolar, ayniqsa, tadbirkorlarning ogʻirini yengil qilmoqda.

Pandemiya davrida Navoiy viloyatidagi 10 ta Davlat xizmatlari markazlari ham oʻz faoliyatini davom ettirib, fuqarolarning markazlarga tashrif buyurmasdan barcha davlat xizmatlarini elektron tarzda yaʼni, my.gov.uz portali orqali olish imkoniyati yaratildi. Shu orqali fuqarolarning vaqti, mablagʻini tejash bilan birga ularning salomatligi ham himoya qilindi.

Viloyatda tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari tomonidan joriy yilning oʻtgan oʻn oyi mobaynida 143 ta davlat xizmatlari boʻyicha markazlar orqali jismoniy va yuridik shaxslarga jami 209.439 davlat xizmatlari koʻrsatilib, shu jumladan 6.564 ta tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Ularning  3.639tasini yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan tadbirkorlik subyektlari tashkil etadi. Shuningdek, 17ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi (qoʻshma va xorijiy) korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Tizimda korrupsion holatlar, turli taʼmagirlik va sarson sargardonliklarning oldini olish maqsadida faoliyat shaffofligi taʼminlangan. Fuqaro murojaatlari yechimida inson omili imkon qadar chegaralanib, har bir markazda eʼtiroz xatlari va maʼlumotlar tashlash uchun alohida qutilar tashkil etilgan.

Biroq jamoatchilik uchun nomaʼlum boʻlgan ayrim huquqbuzarliklar davlat xizmatlari koʻrsatilishida fuqarolarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotganligi ham bor gap. Yaʼni, davlat xizmatlarida markazlari turli tashkilot va idoralarning elektron bazalariga integratsiya qilingan holda belgilangan maʼmuriy reglamentlar asosida xizmat koʻrsatar ekan, ayrim tashkilot va idoralarga tushayotgan murojaatlarni koʻrib chiqishda reglamentga rioya etilmaslik holatlarining uchrab turishi aholi orasida shikoyatlarga sabab boʻlmoqda. Xususan, 2019-yil davomida jami 73 ta tashkilotda oʻrganish oʻtkazilib, jami 2 653 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan boʻlsa, 2020-yilda Davlat xizmatlari markazlaridan yuborilgan maxsus xabarlar natijasiga koʻra, vakolatli idoralar tomonidan 323 ta holatda qonun buzilishi sodir etilganligi ayon boʻldi. Mazkur qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan vakolatli idoralarga taqdimnomalar kiritilib, aybdorlarga nisbatan qonuniy choralar qoʻllanilishiga erishildi.

Navoiy viloyati demografik geografiyasiga eʼtibor qaratsak, aholining yetmish foizdan ortigʻi viloyatning 30 foizga yetar-yetmas hududida istiqomat qilayotganligini kuzatish mumkin. Qolgan 70 foiz hududdagi 28 foiz aholiga xizmat koʻrsatish ham bugun DXA tizimi zimmasida. Shu maqsadda DXA Navoiy viloyati boshqarmasi, tuman(shahar) DXMlari orqali 2020-yil davomida 3500 dan ortiq sayyor tartibda davlat xizmatlari koʻrsatilib, unda viloyatning shimoliy hududi hisoblangan Uchquduq, Tomdi, Zarafshon, Konimexning olis choʻl hududlarida hamda Nurota, Xatirchi tumanlarining togʻli hududlaridagi fuqarolarning davlat xizmatiga boʻlgan ehtiyojlari qanoatlantirildi. Faoliyatdagi mobil ofis(ikki avtobus)da adliya, notarius, FHDYO, bank hamda markaz xodimlari joyida sayyor xizmat koʻrsatadilar.

DXMlarda fuqaro eng avvalo davlat unga xizmat koʻrsatayotgani, uning manfaatlarini himoya qilib, ehtiyojlari uchun qaygʻurayotganini his etishi lozim. Tabiiyki, bu tizimda yangi, zamonaviy, innovatsion binolar, qulaylik, xodimlarning kiyinishidan tortib, muomalasigacha “mijoz haq, uning manfaatlari ustuvor tamoyili”ga rioya qilinishini talab etadi. Shu maqsadda viloyatimizning Konimex, Nurota, Navbahor, Uchquduq, Xatirchi, Qiziltepa tumanlari hamda Navoiy shahrida zamon talablariga mos, barcha qulayliklarga ega Davlat xizmatlari markazlari binolari qurib foydalanishga topshirildi. Ushbu maskanlar eng soʻnggi rusumdagi texnik vositalar bilan taʼminlanib, optik tolali yuqori tezlikda ishlovchi internet tarmogʻiga ulangan. Markazga tashrif buyuruvchilar uchun barcha qulayliklar mavjud. Ona va bola xonasi, bolalar maydonchasi, bank shoxobchasi, kutubxona, elektron navbat, kutish zali, kafeteriy. Ayni qurilishi ketayotgan Tomdi va Karmana tumanlari hamda Zarafshon shahrida ham yangi markaz binolari ham yil nihoyasiga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Taʼkidlash joiz, davlat xizmatlari turli idora va tashkilotlar bilan fuqarolar oʻrtasidagi oʻziga xos koʻprik. Koʻprik faoliyati esa har doim qatʼiy tartibni talab etadi.

Behzod SAFAROV,
DXA Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?