Fuqaro aviatsiyasi sohasida muhim asos

15:42 13 Yanvar 2021 Iqtisodiyot
223 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2021-yil 13-yanvar kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Qonun loyihasi yuzasidan transport vaziri vazifasini bajaruvchi I. Mahkamov chiqish qildi.

Deputatlar dastlab qonun loyihasini qabul qilish zaruratiga eʼtibor qaratdilar.

Taʼkidlab oʻtilganidek, qonun loyihasining asosiy maqsadi Transport vazirligi va ushbu vazirlik huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi vakolatlarini aniq belgilash, eksperimental havo kemalarini hisobga olish tartibini oʻrnatish boʻyicha vakolatli organni aniqlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmonlari ijrosini taʼminlashga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga, xususan, Havo kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish belgilanmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqaro aviatsiyasi sohasida muhim ahamiyatga ega boʻladi. Zero, loyiha eksperimental havo kemalarini hisobga olish tartibini oʻrnatish boʻyicha vakolatli organni nazarda tutadi, shoshilinch tibbiy yordam, qutqaruv operatsiyalari, vazirliklar va idoralarning aviatsiya potensialidan huquqni muhofaza qilish va xavfsizlik manfaatlarida foydalanish, quruqlikdagi transport harakatini monitoring qilish, turizm sohasi va biznes ehtiyojlarini qondirish uchun aholi punktlari ustidan parvozlarni amalga oshirish imkoniyatini qonuniy ravishda belgilaydi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?