Fransiyaning INALCO instituti bilan nodir qoʻlyozmalarni tadqiq etishda hamkorlik qilinadi

13:50 30 Noyabr 2022 Siyosat
339 0

Foto: Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.Toshqulov xalqaro anjuman doirasida navbatdagi uchrashuvni Fransiyaning Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy instituti (INALCO) prezidenti Jan-Fransua Yushe boshchiligidagi 10 nafardan ortiq sharqshunos olim bilan konstruktiv muloqot formatida oʻtkazdi.

Uchrashuv avvalida kuni kecha oʻtkazilgan “Campus France – 2022 uchrashuvlari” Fransiya oliy taʼlim tizimining eng nufuzli tadbirlaridan biri ekanligi taʼkidlandi.

Samimiy suhbat davomida arab, fors tillarida va eski oʻzbek yozuvida yaratilgan bir necha oʻn minglab qadimgi nodir qoʻlyozmalar ustida olib borilayotgan izlanishlar haqida soʻz yuritilib, ushbu sohada ham hamkorlik aloqalarini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.

Maʼlumot oʻrnida, Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy instituti Fransiyaning Sharq davlatlaridagi diplomatlarni tayyorlovchi nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanib, institutda 200 dan ortiq sharq tillari oʻqitiladi.

Oʻzbekistonda arab va fors tilini oʻrganishning nihoyatda muhim amaliy ahamiyatini aynan oʻzbek xalqining tarixiy va madaniy merosi bilan bogʻliq asarlarni tarjima qilish va oʻrganishda koʻrish mumkin, – dedi vazir. 

Shuningdek, bu sohada Oʻzbekistonda tayanch taʼlim maskani hisoblangan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida nafaqat arab, fors, balki boshqa sharq tillari – urdu, hindi, pushtu, dari (afgʻon) tillarida ham kadrlar tayyorlanishi aytib oʻtildi.

Yaqin kunlarda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti masʼullaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Fransiyada boʻlishi va bunda nafaqat tillarni oʻqitish masalasi, balki birgalikda qoʻlyozmalarni tadqiq etish hamda Oʻzbekiston-Yevropa va Xitoy aloqalariga oid qoʻshma loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklifi ilgari surildi.

Oʻz navbatida, Jan-Fransua muassasa fondida ushbu tillar va eski oʻzbek yozuvida koʻplab qoʻlyozmalar saqlanib kelinayotgani, ularda Sharq xalqlari tarixi, diniy eʼtiqodi, madaniy merosi, tamadduni haqida qimmatli maʼlumotlar bayon etilganini aytib, qoʻlyozmalarni oʻrganish va tajriba almashishga hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, muassasa rahbari tomonidan uch yildan buyon institutda talabalar uchun Markaziy Osiyo davlatlaridan faqatgina oʻzbek tili doimiy ravishda oʻqitib kelingani, ammo maʼlum sabablarga koʻra soʻnggi uch oyda toʻxtab qolgani taʼkidlandi.

Vazir taklifiga koʻra, oʻzbek tilini oʻqitish kelgusi semestrdan qayta yoʻlga qoʻyilishi hamda bu borada Oʻzbekistondan mutaxassis yuborilishiga kelishildi.

Ochiq muloqot davomida institutning sharqshunos olimlari ham oʻz mulohazalarini bildirib, oʻzaro professor-oʻqituvchilar hamda talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, mutaxassislarni hamkorlikda qisqa va uzoq muddatli maʼruza oʻqish, seminarlar tashkil etish borasida hamkorlik qilish ikki tomon uchun ham samarali boʻlishini taʼkidlashdi.

Institut prezidenti oʻzbek tilini oʻrganayotgan fransuz talabalaridan 10 nafari uchun kelgusi yilda Oʻzbekistonning sharq tillarini oʻrgatadigan taʼlim maskanlarida qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish taklifini bildirdi.

Muloqot yakunida hamkorlikda kadrlar tayyorlash, oʻzaro professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy institutida pushtu, urdu va dariy tillarini oʻqitishda mutaxassislar yetishmasligi sababli fransuz talabalari uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida urdu, hindi, pushtu, dari (afgʻon) tillarida maxsus qisqa kurslarni tashkil etishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер