Fransiyaning yetakchi savdo tarmogʻi delegatsiyasi amaliy safar bilan Oʻzbekistonda boʻldi

15:27 26 Yanvar 2023 Siyosat
394 0

24-25-yanvar kunlari boʻlib oʻtgan mazkur tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekistonda chakana savdo tarmogʻini ochish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan toʻqimachilik, charm, elektrotexnika va boshqa mahsulotlarni “Groupe Casino”ning chet eldagi doʻkonlariga eksport qilish masalalari boʻyicha muzokaralar oʻtkazish bilan izohlanadi.

Safar davomida “Groupe Casino” kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik boʻyicha direktori Ervan Xuard boshchiligidagi delegatsiyasi Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Sharof Rahmonov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muloqot davomida Fransiya kompaniyasi faoliyati, Oʻzbekistonda chakana savdo bozori talablari hamda respublikamizda Yevropa chakana savdo brendi ostida savdo doʻkonlarini ochish kabi masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

«Oʻzstandart» agentligida boʻlgan uchrashuvda delegatsiya bilan mahsulotlar xavfsizligini taʼminlash, ularni sertifikatlash va standartlash talablari muhokama qilindi. Fransiya delegatsiyasiga chet eldan import qilingan tovarlar sertifikatlarini mahalliy standartlarga muvofiqligini tekshirish, ularning sifatini va xavfsizligini kafolatlash boʻyicha maʼlumotlar berildi.

Safarning ikkinchi kuni kompaniya vakillari uchun Savdo sanoat palatasida uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda «Oʻztoʻqimachiliksanoati», «Oʻzcharmsanoati» va «Oʻzelektexsanoat» uyushmalari hamda aʼzo kompaniyalar vakillari ishtirok etishdi.

Xorij tomoniga respublikamizning toʻqimachilik, charm, elektrotexnika mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlari haqidagi taqdimot oʻtkazildi.

“Groupe Casino” guruhi vakillari milliy mahsulotlarni kompaniyaning chet eldagi doʻkonlariga joylashtirish tartibi va talablari haqida ishtirokchilarga maʼlumot berishdi.

Delegatsiya rahbari Ervan Xuard Oʻzbekistonda turli sohalardagi sanoatning rivojlanishiga yuqori baho berar ekan, mamlakatimizda tekstil, charm va elektrotexnika sanoatining rivojlanganini koʻrib hayratga tushganini aytdi. “Mamlakatingizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar Yevropa bozorlarining standart va talablariga toʻliq javob beradi”, dedi u.

Maʼlumot oʻrnida: “Groupe Casino” Fransiyaning eng yirik chakana kompaniyalaridan biri boʻlib, gipermarketlar, supermarketlar, mini-marketlar, chegirmali va ulgurji doʻkonlarning keng tarmogʻiga egalik qiladi. Guruh “Géant Casino”, “Casino Supermarchés”, “Monoprix”, “Franprix”, “Leader Price”, “Cdiscount”, “Vival”, “Spar”, “Sherpa”, “Le Petit Casino” savdo tarmoqlarini birlashtiradi. Kompaniyaning yillik oʻrtacha aylanma mablagʻi 40 milliard AQSH dollaridan oshadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер