Fransiya elchisi Termiz davlat universitetida boʻldi

14:45 26 Avgust 2022 Jamiyat
553 0

Foto: Xalq so‘zi

Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Orelia Bushez Termiz davlat universitetiga tashrif buyurib, mazkur oliy taʼlim muassasasi rektori A.Marahimov bilan oʻzaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan muloqot qildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda TerDu qoshidagi akademik litseyda fransuz tilini ikkinchi til sifatida oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, uni puxta oʻzlashtirgan talaba-yoshlar uchun Fransiyaning yetakchi universitetlarida akademik mobillik asosida taʼlim olishi uchun sharoit yaratish borasida amaliy harakatlar boshlangan.

Muloqot chogʻida buning uchun zarur moddiy-texnik bazani yaratish, kutubxona fondini Fransiyaning “Hachette“, ”Didier“, ”Cle international” nashrlari tomonidan chop etilgan adabiyotlar bilan boyitishda koʻmaklashish, grantlar ajratish kabi masalalar muhokama markazida boʻldi. Shuningdek, akademik mobillik asosida taʼlim olish istagidagi talabalarni moddiy ragʻbatlantirish, Surxondaryoda fransuz tili va madaniyatini keng targʻib qilish hamda Fransiya oliy taʼlim muassasalari bilan Termiz davlat universiteti oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?