Fraksiyada Davlat dasturining ijrosi yuzasidan Hukumatning hisoboti eshitildi
2023-yil 6-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda dastlab 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2023-yil toʻqqiz oyi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.
Qayd etilganidek, oʻtgan davrda aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash, taʼlim sifatini oshirish, ekologik barqarorlikka erishish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida hisobot davrida yalpi ichki mahsulot oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizni, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat – 5,7 foizni, xizmatlar – 6,5 foizni, qishloq, oʻrmon va baliqchilik – 4,1 foizni tashkil qildi.
Mamlakatning ekologik xavfsizligiga erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof muhitni yaratish hamda tabiiy resurslarni saqlashga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni taʼminlash Oʻzbekiston Ekologik partiyasining asosiy dasturiy maqsadi ekanligini inobatga olib, yigʻilishida deputatlar mazkur sohaga alohida eʼtibor qaratdilar.
Bu borada bir qator ishlar amalga oshirilganligi taʼkidlandi. Xususan, maishiy chiqindilarni yigʻishni 100 foizga, uni qayta ishlash darajasini 21 foizdan 50 foizga yetkazish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida 300 ta chiqindi tashuvchi texnika xarid qilinib, hududlarga yetkazib berilgan.
Atrof muhit monitoringi doirasida 697 ta xoʻjalik yurituvchi subyektning 4131 ta manbalarida monitoring oʻtkazilgan. Natijada 114 ta obyektning 229 ta manbasida atrof tabiiy muhitni meʼyoridan ortiq ifloslantirish holatlari aniqlanib, bartaraf etish choralari koʻrilgan.
Iqtisodiyot tarmoqlarining havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 10 foizgacha qisqartirish maqsadida yangi ishga tushirilgan 29 ta korxonada samaradorlik darajasi 99,5 foizdan kam boʻlmagan chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilgan.
Shuningdek, Orol fojiasining oldini olishga qaratilgan oʻrmon-meliorativ tadbirlarni jadallashtirish maqsadida Orol dengizining qurigan tubi va orolboʻyi mintaqasida bugungi kungacha jami 195 ming gektar, shundan Moʻynoq tumanida 128 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Xorazm viloyatida 10 ming gektar va Navoiy viloyatida 17 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etilgan.
Yigʻilishda partiya fraksiyasi aʼzolari global iqlim oʻzgarishlari sharoitida mintaqada yuzaga kelayotgan suv taqchilligini yumshatish maqsadida suv resurslarini boshqarishni tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish boʻyicha vazifalar ijrosini samarali tashkil etish hamda bu borada nazoratni kuchaytirish, iqtisodiyot tarmoqlaridan havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini qisqartirish, maishiy chiqindilarni yigʻishni va ularni qayta ishlash borasida belgilangan koʻrsatkichlarning oʻz vaqtida ijrosini taʼminlash yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berishdi.
Bildirilgan taklif va tavsiflari asosida Davlat dasturining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼqullandi.
Shundan soʻng, yigʻilishda “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, respublikamizda iqtisodiy oʻsishga qaratilgan islohotlarning izchil davom ettirilishi, shuningdek, fiskal va monetar siyosatning oʻzaro muvozanatli yuritilishi orqali makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlanishiga erishilmoqda.
Keyingi yillarda dunyoda kuzatilayotgan tahlikali vaziyatlarga qaramasdan mamlakatimizda barqaror oʻsishini taʼminlash maqsadida inson kapitalini rivojlantirish, energiya resurslari bozorini isloh qilish, xususiylashtirish va transformatsiya qilishni yanada jadallashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan mintaqamizda suv muammosi tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganligi yuzasidan fikrlar bildirildi. Soʻnggi ikki yilda suv xoʻjaligiga budjetdan 22 trillion soʻm, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarga qariyb 1 trillion soʻm subsidiya ajratilganligiga eʼtibor qaratildi.
Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida kelgusi yillarda sugʻorish kanallarini betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni oʻrnatish, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, 2024-yilda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish koʻzda tutilgan yurtimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, global iqlim oʻzgarishi natijasida insonlar hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻilishini oldini olishga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar koʻrib chiqildi.
Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun 100 mlrd. soʻm, sugʻoriladigan yerlarning shamol eroziyasiga va suv xoʻjaligi obyektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish uchun 40 mlrd. soʻm, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha boshqa dasturlar va tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratilayotgan mablagʻlar kulgusida ekologik muvozanatni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Davlat byudjeti loyihasini shakllantirish va ijrosi boʻyicha hisobotlarda budjet xarajatlarining barqaror rivojlanish milliy maqsadlariga muvofiqligi va iqlim oʻzgarishiga taʼsirini koʻrsatib borish (markirovkalash) mexanizmlarini joriy etish lozimligi qayd etildi.
Shu bilan birga “yashil iqtisodiyot” va “yashil moliyalashtirish” mexanizmlari, shuningdek, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy qilish yuzasidan qonunchilik bazasini yaratish yuzasidan fikrlar almashildi.
Fraksiya aʼzolari tomonidan “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Oʻzbekiston Ekologik partiyasining asosiy dasturiy maqsad va vazifalariga toʻla mos ekanligi qayd etildi va qoʻllab-quvvatlandi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring