Fraksiya aʼzolari qanday takliflar berdi?

20:17 30 Noyabr 2020 Siyosat
216 0

2020-yil 30-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtdi.

Unda fraksiya aʼzolari tomonidan “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi, “2021-yil uchun soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi hamda “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari muhokama qilindi.

Dastlab fraksiya aʼzolari “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda kiritilgan holatini muhokama qilishdi. Deputatlar tomonidan Davlat byudjetining shakllantirilishida 2021-yil birinchi yarim yillikda xarajatlar va daromadlar koʻrsatkichi pandemiya davrining davom etish koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgani ijobiy holat sifatida baholandi.

Shuningdek, fraksiya aʼzolari “2021-yil uchun soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga ham bir qator takliflar berishdi. Jumladan, bugungi pandemiya va inqiroz davrini hamda koʻpgina iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan mamlakatlarda isteʼmol tovarlariga soliqlarni oshirmaslik siyosatidan kelib chiqqan holda neft mahsulotlari, tamaki va alkogol mahsulotlariga aksiz soligʻini qoʻllash masalasini yana bir bor koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Shu bilan birgalikda pandemiya sharoitidagi inflyatsiyani hisobga olgan holda uy-joylar, kvartiralar va dala hovlilar uchun qoʻllanilayotgan soliq siyosatini pandemiya davri uchun qoʻllash masalasini ham qayta koʻrib chiqish taklif etildi.

Fraksiya aʼzolari tomonidan Kapital bozorni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga qimmatli qogʻozlarning nominal qiymatini oshirish uchun qimmatli qogʻozlar chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yigʻimlar yigʻib olish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligining institutsional salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan «Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi ham atroflicha koʻrib chiqildi.

Deputatlar qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda emitent tomonidan toʻlanadigan mablagʻlar endilikda Kapital bozorni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga toʻlanishi hisobiga davlat byudjetiga tushadigan tushimning kamayish holatini chuqur tahlil qilish va xalqaro tajribani ham keng qamrovli tarzda oʻrganish zarurligini taʼkidlashdi.

Qizgʻin bahs va munozaralar soʻng, kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?