Fond tashabbusi bilan ellikka yaqin bola “Yosh aloqachi”da dam olmoqda

14:41 02 Avgust 2022 Jamiyat
318 0

Foto: Xalq so‘zi

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati boʻlimi tashabbusi bilan kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda tarbiyalanayotgan 47 nafar oʻgʻil-qiz soʻlim oromgohlardan biri —  “Yosh aloqachi”da dam olish imkoniga ega boʻldi.

— Barcha xarajatlar fondimizning tuman va shahar boʻlinmalari hisobidan qoplab berildi, — deydi muassasa mutaxassisi Farhod Durbayev. — Ehtiyojmand oilalarning bu farzandlari barcha tengqurlari qatori yozgi taʼtilni maroqli oʻtkazishyapti. Oromgohda tashkil etilgan turli toʻgaraklarda faol qatnashib, bilimlarini mustahkamlashmoqda, sport musobaqalarida, koʻrik- tanlovlarda ishtirok etishyapti.

“Yosh aloqachi”da hordiq chiqarib, bir dunyo taassurot olayotgan shu bolalarning biri, Buxoro tumanidagi 1-IDUM oʻquvchisi Muhammadalimirzo Sultonovning bildirishicha, oromgohda dam olayotgan bir guruh qoraqalpogʻistonlik tengdoshlari orasidan doʻstlar orttirgan, ular bilan birga sport musobaqalarida qatnashgan.

“Mahalla” xayriya jamoat fondiga kelsak, muassasa yil oxiriga qadar viloyatdagi ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qoʻllab- quvvatlash, nochor fuqarolarning tashvishlarini yengillashtirish maqsadida bir qator aksiyalar oʻtkazishni moʻljallagan.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?