Fizika fanining oʻquv dasturlarini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi

11:07 14 May 2021 Jamiyat
453 0

Yaqinda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida fizika fani boʻyicha uzluksiz taʼlim dasturlarining muhokamasiga oid davra suhbati tashkil etildi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi, Fanlar akademiyasi, Respublika taʼlim markazi masʼul xodimlari, Oʻzbekiston milliy universiteti,Toshkent davlat pedagogika universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Oʻz FA Fizika-texnika instituti, Oʻz FA Astronomiya instituti, Urganch davlat universiteti, Chirchiq davlat pedagogika instituti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti professor-oʻqituvchilari hamda fizika fanidan oʻquv dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini taʼminlash boʻyicha jalb etilgan ekspertlar va olimlar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida fizikani oʻqitish boʻyicha fan dasturlarini takomillashtirish, rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribalarini singdirish va xalqaro tadqiqotlarga moslashtirish yuzasidan qator masalalar muhokama qilindi.

Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Ulugʻbek Tashkenbayev davra suhbatini kirish soʻzi bilan ochib berar ekan, uzluksiz taʼlim tizimida fizika fani oʻqitilishining bugungi kundagi holati va istiqbolda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.

— Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Oliy Majlisga va xalqimizga qilgan murojaatnomasida fizika va chet tillarini oʻrganishni ustuvor yoʻnalish etib belgilab berdilar. Joriy yilning mart oyida Prezidentimizning “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham dolzarb yoʻnalishlar belgilandi.

Bularning barchasi bekorga emas, chunki fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib, mashinasozlik, elektrotexnika, IT, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib boʻlmaydi.

Biz iqtisodiyotimizni rivojlantirishni boshqa mamlakatlar bilan raqobatga kirishishni maqsad qilgan ekanmiz yoshlarimizga fizika fanini ham maktabdan boshlab sifatli oʻqitishni yoʻlga qoʻyishimiz zarur. Buning uchun esa avvalo mavjud oʻquv dasturlarini rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrgangan holda takomillashtirishimiz zarur. Shuning uchun respublikamizdagi fizika fani boʻyicha yetuk olimlardan “Uzluksiz taʼlim dasturlari” majmuasini toʻliq tahrirdan oʻtkazish hamda fizika fani rivoji uchun takomillashtirish boʻyicha takliflaringizni berishlarini soʻraymiz, — dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda fizika fani boʻyicha mavjud oʻquv dasturlarini tahlil qilish va takomillashtirish boʻyicha 30 nafar eng tajribali va malakali olimlardan iborat ishchi guruhlar tashkil etildi va fizika fanining uzluksiz taʼlim tizimidagi oʻquv dasturlari oʻrganib chiqildi. Mazkur fan konsepsiyalar va oʻquv dasturlari loyihalari Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti, Samarqand va Urganch davlat universitetlari va Samarqand viloyat xalq taʼlimi boshqarmasiga ekspertizaga berilgan.

Fizika fani boʻyicha ishchi guruh amaliyotchi olimlar va pedagoglar bilan hamkorlikda oʻrganishlar natijasiga koʻra, bugungi kunda mazkur fan boʻyicha takrorlangan mavzular 15 ta, uzviyligi taʼminlanmagan mavzular 19 ta, yangilanishi zarur mavzular 47 ta, olib tashlanadigan mavzular 1 ta, xalqaro tadqiqotlar boʻyicha kiritiladigan mavzular 54 ta, boshqa taʼlim turiga oʻtkaziladigani 35 ta ekanligi aniqlandi.

Mazkur koʻrsatkichlardan kelib chiqqan holda, fan dasturini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ushbu konsepsiya boʻyicha yaratilgan oʻquv dasturlari Taʼlim inspeksiyasining uzviylik.tdi.uz muhokama portaliga joylashtirildi. Bugungi kunga qadar konsepsiyani yana-da takomillashtirish boʻyicha fuqarolar tomonidan 100 dan ortiq takliflar bildirildi.

Ekspertiza xulosalari asosida Konsepsiya va oʻquv dasturlar takomillashtirildi hamda yaxlit fizika fanidan “Uzluksiz taʼlim dasturlari” loyihasi ishlab chiqildi.

Tadbir davomida har bir taʼlim bosqichi mutaxassislari umumiy oʻrta maktablarida, akademik litsey, professional va pedagogika oliy taʼlim tizimi fizika fani boʻyicha uzluksizlik va uzviylikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirayotgan ishlar boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi.

Muhokamalar jarayonida fizika fani oʻqitishdagi mavjud muammolar va istiqboldagi vazifalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, ekspertlar tomonidan bugungi kunda fizika fani boʻyicha amaldagi oʻquv dasturlarida nazariyaga koʻproq eʼtibor qaratilgani va amaliyotga kamroq soat ajratilgani oʻquvchilarda amaliy koʻnikmalar shakllanmasligiga, yoshlarda mazkur fanga boʻlgan qiziqish kamayib ketishiga sabab boʻlayotgani taʼkidlandi.

Shuning uchun xalqaro tajribadan kelib chiqib yangi oʻquv dasturlarida amaliyotga koʻproq eʼtibor qaratilayotgani, xususan umumiy oʻrta taʼlimning milliy oʻquv dasturining yaratishda fizikani oʻqitish sohasida muayyan yutuqlarga erishgan bir qancha rivojlangan Finlyandiya, Singapur, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya, Belarus kabi davlatlar tajribalari mutaxassislar va amaliyotchi oʻqituvchilar tomonidan oʻrganilgani va tahlil qilingani aytib oʻtildi.

Oʻz navbatida amaliy mashgʻulotlar uchun taʼlim muassasalarini sifatli laboratoriya uskunalari bilan jihozlash zarurligi taʼkidlandi.

Tadbir yakunida, fizika fani boʻyicha oʻquv dasturlarini takomillashtirishda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashinib, tegishli vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?