Finlyandiyalik olimlar tabiiy fanlar va xorijiy tillarni oʻqitishi boʻyicha tajriba bilan oʻrtoqlashdi

21:13 16 Fevral 2021 Jamiyat
470 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida maktab taʼlimi boʻyicha ilgʻor davlatlar tajribasini, xususan Finlyandiya taʼlim tizimining oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 16-fevral kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida “Umumtaʼlim fanlarini oʻqitishda Finlyandiya tajribasi” mavzusida onlayn vebinar tashkil etildi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi mutasaddilari, Finlyandiya Respublikasining Oʻzbekistondagi faxriy konsuli Alisher Joʻrayev, Xelsinki universitetining professor-oʻqituvchilari, tabiiy fanlar va xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha milliy ekspertlar hamda amaliyotchi oʻqituvchilar ishtirok etishdi.

Ayni kunlarda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini joyiga chiqqan holda oʻrganish va pedagoglarga amaliy-uslubiy yordam koʻrsatish maqsadida Surxondaryo viloyatida boʻlib turgan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev tadbirni kirish soʻzi bilan ochib berar ekan, mamlakatimizda taʼlim sifatini oshirish, malakali pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berdi.

— Maʼlumki, Oʻzbekiston ilk marotaba xalqaro baholash tizimlarida ishtirok etishga tayyorgarlik koʻrmoqda, — dedi Ulugʻbek Tashkenbayev. — Xususan, PISA tadqiqoti bizdan ijodkor, nostandart fikrlaydigan va muammoni tadqiq eta oladigan koʻnikmalarni talab etyapti. Bu koʻnikmalarni oʻquvchilarga faqat oʻqituvchilar bera oladi. Bu esa pedagogika oliy taʼlim tashkilotlari oldiga ijodkor, tadqiqot qila olish koʻnikmasiga ega boʻlgan, oʻz ustida ishlaydigan va fanini chuqur biladigan oʻqituvchi tayyorlash vazifasini qoʻymoqda. Jumladan, oʻqituvchilarni tayyorlash va malakasini oshirish yagona uzluksiz tizimga aylantirildi. Bundan buyon oʻqituvchining kasbiy tayyorgarligiga tashxis qoʻyiladi, tashxis natijasi asosida uning kasbiy rivojlanish trayektoriyasi ishlab chiqiladi va shu asosda oʻqituvchi malakasini oshiradi. Malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirish va sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida ilk bor sohaga xususiy sektor ham jalb etiladi.

Vebinar davomida Xelsinki universiteti professorlaridan Yari Lavonen “Tabiiy fanlarni oʻqitishda Finlyandiya tajribasi” mavzusida, Rayli Xilden Finlyandiyada xorijiy tillarni oʻqitish metodikasi» mavzularida taqdimotlar qilishdi.

Jumladan professor Lavonen oʻquvchilarda 21 asr koʻnikmalarini shaklantirish mexanizmlari haqida toʻxtalib, mazkur koʻnikmalarning asosi sifatida fikrlash va oʻrgana olish, madaniyat koʻnikmasi, oʻzaro taʼsir va oʻz-oʻzini namoyon qilish, oʻz-oʻzini parvarishlash va kundalik boshqaruv, adabiyotlar turfa xilligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha koʻnikmalar, mehnat qilish va tadbirkorlik koʻnikmalari, ishtirok, taʼsir va barqaror kelajakni yaratish kabi jihatlarni sanab oʻtdi. Oʻquvchilarda kreativ fikrlash va muammoli yondashuv qobiliyatlarini rivojlantirishda esa dars jarayonlarini loyihaviy rejalashtirish keng samara berishini misollar yordamida, turli fanlar ximiya, fizika muammolari misolida yoritib berdi.

Rayli Xildenning taʼkidlashicha, malakali til oʻqituvchisi boʻlish uchun eng avvalo, dars davomida talabalarni faol qatnashishga jalb qilish, darsning markazida pedagog emas balki talaba boʻlishi, vazifalar va baholashning xilma-xilligini taʼminlash, talabalarning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirish, taʼlim strategiyasini rivojlantirish, talabalar duch keladigan muammolar va bundan xabardor boʻlish, egallangan bilimlarini amaliyotda qoʻllash, talabalarni ragʻbatlantirish, ularning qiziqishlarini aniqlash lozim.

Taʼkidlash lozimki, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari bilan hamkorlikda 21 ta fandan taʼlimning barcha bosqichlaridan 350 ortiq tajribali ekspertlarni jalb qilgan holda amaldagi oʻquv dasturlarini tahlil qilish va takomillashtirish ishlarini bajarmoqda.

Ishchi guruh aʼzolari tomonidan uzluksiz taʼlim tizimi uchun konsepsiyalar hamda oʻquv dasturlari tayyorlanib Taʼlim inspeksiyasi portali (http://www.uzviylik.tdi.uz/)ga joylashtirildi. Konsepsiyalar va oʻquv dasturlari loyihalariga 2,500 dan ortiq takliflar bildirildi.

Ekspert guruh aʼzolari tomonidan amaldagi oʻquv dasturlarini tahlil qilish natijasida barcha fanlardan mavzular uzviyligi, takroriyligi nuqtayi nazaridan qiyosiy jadvallar tayyorlandi.

Bundan tashqari, Finlyandiyaning bugungi kunda qoʻllanilayotgan umumiy oʻrta taʼlim oʻquv dasturlari Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti olimlari koʻmagi bilan oʻzbek tiliga tarjima qilindi.

Bugungi kunda Taʼlim inspeksiyasi ekspertlari tomonidan ushbu davlat dasturlarini milliy oʻquv dasturlari bilan qiyosiy taqqoslash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa oʻz navbatida ularni ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda, shuningdek, Finlyandiya bilan taʼlim tizimining boshqa muhim boʻgʻinlari oʻquv dasturlarini takomillashtirish, darsliklar yaratish, pedagoglar malakasini oshirish, innovatsion-pedagogik metodlarni takomillashtirish va tatbiq qilish kabi koʻplab yoʻnalishlarda keng doiradagi ishlarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?