Finlyandiya taʼlim dasturlari va darsliklari oʻrganilmoqda

11:19 22 Aprel 2021 Jamiyat
436 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida Finlyandiyaning taʼlim sohasidagi ijobiy tajribasini mamlakatimiz taʼlim tizimiga hamda Milliy oʻquv dasturiga joriy qilish vazifasi belgilangan edi.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan finlyandiyalik ekspertlar va rasmiy doira vakillari bilan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 21-aprel kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Finlyandiyaning Taʼlim va madaniyat vazirligi hamda Milliy taʼlim agentligi hamkorligida “Finlyandiya taʼlim dasturlarini oʻrganish: taʼlim dasturlari va oʻquv materiallari” mavzusiga bagʻishlangan onlayn seminar tashkil etildi.

Unda Finlyandiya Milliy taʼlim agentligi taʼlim maslahatchisi Yorma Kauppinen va agentlikning oʻquv materiallari menejeri Syuzanna Byorkell, shuningdek, Taʼlim inspeksiyasi rahbariyati, mutasaddi xodimlar va vazirlik va idoralar vakillari, uzluksiz taʼlim tizimi konsepsiyalari va oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda va ekspertizadan oʻtkazishda qatnashgan mutaxassislar, olimlar, 1 000 nafarga yaqin oʻqituvchi va metodistlar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Finlyandiyalik mutaxassislar tomonidan Finlyandiya taʼlim tizimi, milliy va mahalliy oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻquv materiallari va televideniye orqali dars beruvchi oʻqituvchilarni tayyorlash bilan bogʻliq qator masalalar boʻyicha atroflicha maʼlumot berildi.

Jumladan, Finlyandiya Milliy taʼlim agentligi taʼlim maslahatchisi Yorma Kauppinenning taʼkidlashicha, fin taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash boʻyicha “boshi berk nuqta” mavjud emas. Yoshlar erta bolalik davridan boshlab, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb hunar yoki oliy taʼlim muassasalarini bitirganidan keyin ham taʼlimni davom ettirishadi.

Maktablarda dars soatlarining taqsimoti haftasiga 1-2-sinflar uchun eng kamida 19 soat qilib belgilangan boʻlsa, 9-sinflar uchun esa ushbu koʻrsatkich 30 soatni tashkil etadi. Maktablar oʻquv rejasiga koʻra, toʻqqiz yillik haftalik umumiy yuklama 222 soat. Bu koʻrsatkich Oʻzbekistonda 254 soatni tashkil etadi.

— Maktab oʻquvchilarida kasblar va sohalar bilan bogʻliq koʻnikma va bilimlarni shakllantirishda oʻziga xos yondashuv mavjud. Bunda bilim, koʻnikma bilan bir qatorda yondashuv, munosabat va iroda kabi xususiyatlar ham muhim ahamiyatga ega. Yaʼni oʻquvchilarga hayotlari davomida egallashlari lozim boʻlgan bilim va koʻnikmalar bilan birga hayotiy transversal kompetensiyalar oʻquv dasturlarining bir qismi sifatida muntazam oʻqitib boriladi.

Bundan tashqari, munitsipalitetlar va maktablar hududdagi aholi uchun muayyan koʻnikmalarning zaruriyatidan kelib chiqqan holda, oʻquv dasturlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritishlari ham mumkin. Shu bilan birgalikda, maktablarda oʻquv jarayonlarini tashkil etishda oʻquvchilarning ehtiyojlari, imkoniyatlari va kuchli tomonlari ham hisobga olinadi, — dedi Yorma Kauppinen.

Finlyandiya Milliy taʼlim agentligi oʻquv materiallari menejeri Syuzanna Byorkell mamlakatda oʻquv materiallari (darslik, qoʻllanma) ni tayyorlash tizimi haqida maʼlumot berib oʻtdi.

Taʼkidlanishicha, Finlyandiyada oʻquv materiallari milliy oʻquv dasturiga asoslangan holda davlat tili fin yoki shved tilida tayyorlanadi. Har bir oʻquv materialini oʻquv jarayonlariga tatbiq etishda pedagogik asosga ega ekanligiga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, oʻquv materiallarini tayyorlashda mamlakatdagi umuminsoniy qadriyatlar, taʼlim muhiti va oʻqitish boʻyicha maslahatlar va oʻqituvchilar uchun alohida materiallarning mavjudligi hisobga olinadi.

Bundan tashqari, oʻquv dasturlarining taʼlim jarayonlariga tatbiq etilishida anʼanaviy darsliklar bilan bir qatorda innovatsion texnologiyalar yordamida tashkil etilgan elektron qoʻllanmalar hamda turli formatdagi materiallardan ham keng foydalaniladi.

Xususan, Finlyandiya davlat teleradiokompaniyasi va Finlyandiya taʼlim agentligi hamkorligida oʻqituvchilarga kundalik hayotini mazmunli oʻtkazishi, oʻz-oʻzini rivojlantirishlari va boshqa oʻqituvchilar bilan oʻzaro muloqot qilishlari uchun alohida telekanal tashkil qilingan. Telekanal dasturlari asosan yoshlarda media va raqamli texnologiyalardan foydalanish mahorati, taʼlim olish, tillarni oʻrganish bilan bogʻliq koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda Finlyandiyada qoʻllanilayotgan oʻquv dasturlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, izchillik bilan oʻrganilmoqda. Mazkur jarayonda Finlyandiya taʼlim tizimining mahalliy sharoitga mos jihatlari yangilanadigan oʻquv dasturlariga singdiriladi.

Seminar davomida Taʼlim inspeksiyasi mutasaddilari va ekspertlarning ushbu oʻquv dasturlari va darslik boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan qator savollarga finlyandiyalik mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.

Tadbir yakunida muhokama qilingan masalalar boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?