Festival doirasida imkoniyati cheklangan yoshlar oʻrtasida shaxmat turniri oʻtkazildi

“Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida Samarqandda oʻtayotgan yoshlar festivalining uchinchi kuni ham rang-barang uchrashuv va loyihalarga boy boʻldi.
Festival doirasidagi tadbirlarda jismoniy imkoniyati cheklangan yigit-qizlar ham eʼtibordan chetda qolmadi. Samarqand tumanidagi Konigil turizm qishlogʻida nogironligi boʻlgan yoshlar oʻrtasida sportning shaxmat turi boʻyicha tashkil etilgan musobaqada viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 40 nafarga yaqin 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar ishtirok etishdi.
— 15 yildan buyon sportning shaxmat turi bilan shugʻullanib kelaman, — deydi Oqdaryo tumanida yashovchi 1-guruh nogironi Akbar Ibragimov. — Koʻpgina musobaqada ishtirok etib, gʻolib boʻlganman. Shaxmat aqlni charxlaydi. Jismoniy imkoniyatim cheklangan boʻlsada, xotiram yaxshi, katta sheʼrlarni 2-3 oʻqishda yodlab olaman.
Tadbirda shuningdek, xonanda Ulugʻbek Rahmatullayev bilan ijodiy uchrashuv ham tashkil etildi.
Yoshlar festivali doirasida “Urgut erkin iqtisodiy zonasi”da tadbirkorlikka qiziquvchi yigit-qizlar uchun “Biznes marafon” oʻtkazildi. Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 200 nafardan ortiq yoshlar tadbir davomida “YEC GILAM”, “MIKRO METAL”, “IDEAL ELECTROLUX” korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tajribali tadbirkorlar yoshlarga muvaffaqiyatga erishish sirlari haqida soʻzlab berishdi. Shuningdek, marafon doirasida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi va banklar faoliyatiga oid koʻrgazma ham tashkil etildi.
Yoshlar festivali doirasida Oqdaryo tuman markaziy Istirohat bogʻining Humo amfiteatrida sportning “MMA” turi boʻyicha musobaqa ham tashkil etildi.
“Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivalining Samarqand xalqaro aeroporti yonidagi maydonda oʻtayotgan yakuniy galakonserti viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayevlarning kirish soʻzi bilan boshlandi.
Davlatimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan oʻtkazilayotgan festivalning yakuniy qismida 30 mingga yaqin yoshlar ishtirok etayotgani taʼkidlandi.
Tadbirda faol yoshlar va ularni qoʻllab-quvvatlashda tashabbus koʻrsatgan rahbarlar ham taqdirlandilar.
Festival tadbirlari davom etmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH boy berilgan hududlarni Ukrainaga qaytarishga erishish niyatida ekanligini maʼlum qildi
- Transport vazirlari “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishini muhokama etishdi
- Olimlar saratondan ham oʻlim xavfi ikki baravar yuqori boʻlgan kasallik haqida maʼlum qilishdi
- “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromov lavozimidan ozod etildi va 3 sutkaga qamaldi
- Davlat rahbari yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi
- Oʻzbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” kompaniyasi oʻrtasida gaz sohasida hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi” imzolandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring