Fermer subsidiya olgan naslli qoʻylarning katta qismini sotib yuborganligi aniqlandi

22:35 09 Mart 2021 Jamiyat
598 0

Illyustrativ foto

Mamlakatimizda chorvachilik, xususan, naslli mollar zotini koʻpaytirish orqali chorva mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda bir qator imtiyoz hamda ragʻbat choralari joriy etilgan. Jumladan, xorijdan naslli mollarni import qilish va uni yurtimiz iqlim sharoitiga moslab parvarishlash, koʻpaytirish uchun davlat tomonidan subsidiya mablagʻlari ajratilishi soha ravnaqi yoʻlida tarixiy qadamdir. Oʻz navbatida ajratilgan subsidiyadan belgilangan talablarga qatʼiyan rioya etgan holda foydalanish tartiblari ham joriy qilingan.

Chunonchi, Respublika Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-maydagi “Chorvachilik tarmogʻiga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori 1-ilovasida 2020 — 2022-yillarda xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qoʻy va echkilarni sotib olgan xoʻjaliklarga hamda respublikada nasldor qoramollarni yetishtiradigan naslchilik xoʻjaliklariga subsidiya berish tartibi va qoidalari belgilanib, nazorati «Oʻzagroinspeksiya»ga yuklatilgan. Shu asosida «Oʻzagroinspeksiya»ning Navoiy viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan naslchilik xoʻjaliklariga subsidiya ajratilganidan soʻng chetdan olib kelingan chorvani talablarga mos parvarishlanishi yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

— Oʻtgan yilda viloyatning bir qator xoʻjaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qoʻy va echkilarni sotib olganliklari uchun jami 1 milliard 148 million soʻm subsidiya mablagʻlari ajratildi, — deydi»Oʻzagroinspeksiya»ning Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot kotibi Zulfiya Boboyeva. – Ushbu mollarning parvarishlanishi va koʻpaytirilishi oʻrganilganida belgilangan tartiblar buzilishi holatlari kuzatildi.

Xususan, Xatirchidagi “Angidon bodomlari” fermer xoʻjaligiga 2020-yil 3-avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasidan 300 bosh “Romanov” zotli naslli qoʻylar olib kelinib, yuqoridagi qarorga koʻra xoʻjalikka jami 120 million soʻm subsidiya mablagʻi ajratib berilgan edi. Afsuski fermer Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 13-bandiga koʻra, subsidiya oluvchilar nasldor qoramol, qoʻy va echkilardan kamida 2 avlod olgungacha saqlashi zarurligiga rioya etmaganligi aniqlandi. Yaʼni, oʻtkazilgan nazorat tadbirida “Angidon bodomlari” fermer xoʻjaligida joriy yilning yanvar oyi holatida xoʻjalikda 300 bosh naslli qoʻydan faqat 130 tasi parvarish qilinayotganligi, 170 bosh qoʻy turli sabablarga koʻra sotib yuborilganligi aniqlandi.

Mazkur qonunbuzilish holati yuzasidan toʻplangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun viloyat prokuraturasiga yuborildi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?