Farzandga ilmu maʼrifatdan boshqa katta meros qoldirib boʻlmaydi

18:32 24 Sentyabr 2021 Jamiyat
677 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoroda “Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansga munosib poydevor yaratilmoqda” loyihasi doirasida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.

Mazkur tadbir Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida olib borilayotgan ishlarni yoshlar orasida keng targʻib yetish hamda taʼlim muassasalarida yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatli, bilimli kadrlarni tayyorlashga koʻmaklashish maqsadida tashkil etildi.

Davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ilm-fan namoyandalari, olim va ziyolilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan anjumanda respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo onlayn zoom orqali soʻz olib maʼnaviy yuksalishning tarixiy ildizlari haqida atroflicha soʻz yuritdi. Shundan soʻng Uchinchi renessans asoslarining namoyon boʻlishida maʼnaviyatning oʻrni, yoshlarning ijtimoiy-maʼnaviy tafakkurini shakllantirishda Sharq uygʻonish davri allomalarining qarashlari, Yangi Oʻzbekistonda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini, maʼnaviy tarbiya uzviyligini taʼminlashda maʼnaviyat-maʼrifat targʻibotchilarining roli, ilm-fanni rivojlanishida buxorolik olimlarning qoʻshgan hissasi, "Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari» gʻoyasini keng targʻib etish orqali jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirishning dolzarb masalalari kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.

— Bugungi anjuman Mir Arab madrasasida oʻtkazilayotgani bejiz emas, — deydi tadbir ishtirokchisi, yuridik fanlari doktori, professor, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Feruza Muhitdinova. — Buxoro azal-azaldan maʼnaviyat va maʼrifat beshigi sanalgan. Bu anʼana davom etayotganini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Tadbirdan koʻzlangan maqsad esa aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil etadigan respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholi ongu shuuriga singdirishdan iborat. Toki, har bir ota-ona Renessansni oʻz uyida, ostonasida koʻrsin. Har bir oila shuni anglab yetsin: Farzandga ilmu maʼrifatdan boshqa katta meros qoldirib boʻlmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni kuzatuvchisi emas, ishtirokchisi boʻlmoq ayni muddaodir.

“Yangi Oʻzbekistonda ijtimoiy – maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashning dolzarb masalalari” mavzuidagi mazkur konferensiyada olimlar, tadqiqotchilar va targʻibotchilar tomonidan foydali takliflar oʻrtaga tashlandi. Anjuman materiallaridan iborat toʻplamning taqdimot marosimi ham oʻtkazildi.

Anjuman Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat va notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Buxoro viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?