Fargʻonalik mehnat migrantlari Koreya Respublikasida ishlash uchun oʻqitiladi

17:15 14 Aprel 2022 Jamiyat
405 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Oʻzbekistondagi ofisi direktori Pak Sunjinni qabul qildi.

Uchrashuvda Fargʻona shahrida Koreya Respublikasining grant mablagʻlari asosida tashkil etilgan, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassislar tayyorlovchi kasb-hunarga oʻqitish markazi faoliyatini zamonaviy mezonlar asosida tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Taʼkidlash joizki, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish maqsadida markazning Fargʻona shahrida oʻquv binosi, yotoqxona, oshxona va sport zali qurish uchun 2 gektar yer maydoni ajratib berilgan edi. KOICAning Oʻzbekistondagi ofisida mazkur loyiha boʻyicha qoʻshimcha kelishuv memorandumi imzolandi hamda Koreya tomonidan 9 million 320 ming dollar miqdorida investitsiya kiritildi.

Markazda besh yoʻnalish (elektr menejmenti, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, kosmetologiya va tikuvchilik) boʻyicha kasbiy taʼlim yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan. Ayni paytda bu yerda Koreya Respublikasidan keltirilgan zamonaviy jihozlar oʻrnatilib, oʻquv-amaliyot jarayonlarini boshlash uchun barcha sharoitlar muhayyo etildi.

Oʻquv markazida bir yilda 480 nafar ishsiz fuqaro kasbiy koʻnikmaga ega boʻladi. Ular 6-8 oylik kurslarda oʻzlari tanlagan yoʻnalishda nazariy va amaliy bilim oladilar.

Yuzma-yuz muloqotda Fargʻona viloyat hokimining oʻquv jarayonlarini ikki smenada tashkil etish, shu orqali qamrovni ikki barobarga oshirish, imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun qoʻshimcha qisqa kurslar tashkil etish boʻyicha taklifi KOICAning Oʻzbekistondagi ofisi direktori tomonidan maʼqullandi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?