Fargʻonalik gʻallakorlar birinchilardan boʻlib shartnoma rejasini bajardi

20:12 25 Iyun 2021 Iqtisodiyot
457 0

Fargʻona viloyati gʻallakorlari joriy dehqonchilik yilida mamlakatimizda birinchilardan boʻlib shartnoma rejasini bajarishga muvaffaq boʻldilar.

2021-yilda 99,5 ming gektar maydonda oʻrtacha 70 sentnerdan - 687,1 ming tonna gʻalla yetishtirish rejalashtirilgan boʻlib, elimizning rizq-nasibasi toʻliq 26 ta gʻallachilik klasterlari tomonidan yetishtirildi.

Gʻalla yetishtirishni klaster usulida tashkil etish oʻzining yuqori samarasini berdi va bu yil har bir gektar yerdan olinadigan hosildorlik oʻrtacha 10-15 sentnerga oshishi taʼminlandi.

Gʻallachilik klasterlari tomonidan sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsiya keng joriy etilib, agrotexnik tadbirlarni oʻtkazishda respublikamizdagi 3 ta va Rossiya Federatsiyasining “Krasnodar” ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

2021-yilda gʻallachilik klasterlari tomonidan 38,6 mlrd. soʻm boʻlgan 2 ta donni qayta ishlash, un va un mahsulotlari, omuxta yem ishlab chiqarish maqsadida investitsiya loyihalari ishga tushirildi hamda 150 ming tonna don saqlash sigʻimlari tashkil etildi.

Furqat tumanidagi “Nurafshon vodiy”, Bagʻdod tumanida joylashgan “Majnuntol ifori”, Uchkoʻprik tumanidagi «Dehqonov Adxam», Quva tumanida faoliyat koʻrsatuvchi “Tursuntosh Odina Shirmonoy” fermer xoʻjaliklari gektaridan 101,2 sentnerdan yuqori hosil oldi.

Ezgu tashabbus doirasida Fargʻona viloyatida gʻalladan boʻshagan maydonlarni 300 ming nafar murojaatchilarga 20 sotixdan 25 sotixgacha takroriy ekin uchun ajratib berish ishlari davom etmoqda. Bugungi kungacha 28,7 ming gektar maydonlar takroriy ekin ekishga tayyorlab, 157,4 ming nafar aholiga ajratib berildi.

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?