“Fargʻonadagi “Jasliq” nomi ostida eʼlon qilingan xabarga Ombudsmanning yakuniy munosabati

18:10 12 Avgust 2022 Jamiyat
321 0

Avval ijtimoiy tarmoqlarda “Fargʻonadagi “Jasliq” nomi ostida 2022-yil 29-may kuni tarqatilgan video xabar Ombudsman nazoratiga olingani haqida xabar bergan edik. Unda M.Qamchiyeva farzandi S.Qamchiyevga nisbatan qiynoq holatlari qoʻllanilayotganini bayon etgan.

Ushbu holat 30-may kuni Ombudsmanning Fargʻona viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Kamilov tomonidan joyiga chiqib oʻrganilgan. Mintaqaviy vakil Fargʻona shahridagi 10-sonli Tergov hibsxonasiga borib, S.Qamchiyev bilan holi tarzda uchrashgan. Oʻsha paytda holat yuzasidan M.Qamchiyevaning arizasiga asosan Fargʻona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshiruvi jarayonlari olib borilayotgani sababli, u tugallanganidan keyin Ombudsmanning rasmiy munosabati berilishi maʼlum qilingan edi.

Ushbu holat boʻyicha oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga koʻra, 2022-yil 4-iyun kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Shundan soʻng, M.Qamchiyeva joriy yilning 14-iyun kuni Ombudsman nomiga Fargʻona shahridagi 10-sonli Tergov hibsxonasida saqlanayotgan oʻgʻli S.Qamchiyev joriy yilning 24-may kuni hibsxona xodimlari tomonidan qiynoqqa solinganligi boʻyicha murojaat qildi.

Ombudsmanning nazorat xatiga asosan Fargʻona viloyati prokuraturasi tomonidan toʻplangan hujjatlar oʻrganilib, qoʻshimcha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi. Murojaatda koʻrsatilgan barcha shaxslar bilan suhbatlashilganda maʼlum boʻlishicha, 2022-yil 24-may kuni kuni S.Qamchiyev va murojaatda koʻrsatilgan shaxslar saqlanayotgan kameraga hibsxona xodimlari ertalabki tekshiruvga kirishgan. Yotoq joylari tartibga keltirilmaganligi va tozalikka rioya qilinmaganligi sababli xodimlar ularni kameradan tashqariga oʻtish yoʻlagiga saflab, ichki-tartib qoidalarga amal qilishlari toʻgʻrisida tushuntirish berishgan. Shu vaqtda S.Qamchiyev xodimlarga gap qaytarib, qoʻpol muomalada boʻlgan. Shuning uchun xodimlar u bilan suhbatlashish uchun uni olib qolib, qolgan mahbuslarni kameraga kiritishgan. Oradan 5-10 daqiqadan soʻng S.Qamchiyev kameraga qaytib kiritilgan. Oʻsha vaqtda uni yuzida va boshqa joylarida jarohatlar boʻlmagan. Biroz vaqt oʻtib S.Qamchiyev kamera ichidan turib hibsxona xodimlarini haqorat qilib, “Men senlarga hali koʻrsatib qoʻyaman” - deb jazavaga tushib, boshini kamera devoriga urib, qoʻllari bilan yotoq krovatini urgan.

Yuqoridagilarga koʻra, hibsxona xodimlarining harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmangan deb topilgan va murojaat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Qayd etish lozimki, S.Qamchiyev muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganligi uchun sudlanib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va 2021-yil 12-mayda JIB Piskent tuman sudining ajrimiga asosan ushbu jazoning oʻtalmay qolgan 2 yil 9 oy 16 kuni axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan. Biroq, bundan oʻziga toʻgʻri xulosa chiqarmay takroran jinoyat sodir qilgan va Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, JIB Yozvon tuman sudining 2021-yil 28-avgustdagi ajrimiga koʻra, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

U hibsxonada saqlangan davrida, xususan, 2022-yil 28-yanvar va 21-mart kunlari ham asabiylashib oʻziga tan jarohati yetkazgan. Mazkur holatlar yuzasidan surishtiruv oʻtkazilgan va “Ogohlantirish” intizomiy jazosi eʼlon qilingan.

Maʼlum boʻlishicha, S.Qamchiyev joriy yilning 20-aprel kunidan buyon hibsxonada saqlanish davomida 14 marotaba uzatma, posilka va banderol qabul qilgan, 8 marotaba yaqin qarindoshlari bilan uchrashgan.

Oʻrganish natijalariga koʻra, fuqaro M.Qamchiyevaning murojaatiga asosan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?