Fargʻonadagi paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari rahbarlari Turkiyaning bu sohadagi tajribasini yaqindan oʻrganadi

17:47 08 Avgust 2022 Jamiyat
253 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatida faoliyat olib borayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlari hamda sohaga ixtisoslashgan tajribali fermer xoʻjaliklari rahbarlaridan iborat delegatsiya Turkiyaga tashrif buyuradi.

Kelishuvga koʻra, 9-13-avgust kunlari Fargʻona viloyati delegatsiyasi Turkiyaning Çukurova universiteti qoshidagi paxtachilik ilmiy-tekshirish instituti hamda “Dataem” paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Tashrif davomida xususiy sektorda yetishtishtirilayotgan paxta dalalarida oʻrganish ishlarini olib borish ham rejalashtirilgan. Shuningdek, Adana viloyatida joylashgan “CANSA” paxta terish mashinalari ishlab chiqarish korxonasi, shu bilan birga paxtani qayta ishlovchi hamda urugʻlik paxta yetishtiruvchi kompaniyalar, tekstil fabrikalarida boʻlish rejalashtirilgan.

— Yaqinda Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Turkiyaning paxta maydoni Oʻzbekistondan ikki karra kamligi, lekin tolani mamlakatimiz bilan deyarli teng hajmda ishlab chiqarishi taʼkidlangan edi, — deydi Fargʻona viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Azimjon Yuldashev. — Bu ilm-fan yutuqlari, zamonaviy texnologiyalar amaliyotga keng joriy etilayotgani samarasidir. Qolaversa, Turkiyada tayyor va yarim tayyor mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida tekstil korxonalari faoliyati yaxshi rivojlangan.

Turkiyaga tashrif davomidagi taassurot va tajribalar asosida viloyatdagi paxta-toʻqimachilik klasterlari qoshida sanoat va tekstil korxonalari faoliyatini kengaytirish, salohiyatini oshirish va tadbirkorlikni jahon andozalari darajasidan rivojlantirish asosiy maqsad qilib belgilangan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?