Fargʻonadagi doʻppichilik kooperatsiyasida 152 nafar xotin-qiz ish bilan ta`minlandi

14:55 19 Sentyabr 2022 Jamiyat
374 0

Foto: Xalq so‘zi

Qoʻshtepa tumanida momolardan meros doʻppidoʻzlik hunari kooperatsiya asosida rivojlanmoqda

Ipakchilar shahri Margʻilon atrofida joylashgan mahallalar aholisi azaldan chorhunar boʻlib, oilalarda ota-bobolardan meros kasb-hunarlar mehr bilan davom ettirib kelinmoqda.

Koʻhna Margʻilonga yondosh hudud boʻlgan Qoʻshtepa tumanining “Soy boʻyi” mahallasida ham hunarmandchilik anʼanalari avloddan avlodga oʻtib kelmoqda. Otikaxon Hakimova ushbu mahallada xotin-qizlar faoli vazifasida ishlaydi. U mahalla yumushlaridan ortib, oʻtgan yili “Hunarmand Ruhshonabegim” doʻppichilik kooperatsiyani tashkil etdi.

— Doʻppidoʻzlikni bolaligimda Obidaxon buvimdan oʻrganganman. Yonlarida ip, igna olib berish kabi yumushlarni bajarib, doʻppi tikishga mehrim tushdi. Hozirgi kunda doʻppichilik kooperatsiyasida 152 nafar xotin-qiz birga ishlayapmiz, — deydi mohir doʻppidoʻz.

Ularning 42 nafari “Soy boʻyi” mahallasidagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardir. Shuningdek, “Hunarmand Ruhshonabegim” doʻppichilik kooperatsiyasida “Sohibkor”, “Qiyqi”, “Katta beshkapa”, “Nurafshon” MFYlarida istiqomat qiluvchi ishsiz xotin-qizlar ishli boʻldi. Hududda asosan “Oqpar”, “Atirgul”, “Navroʻz” nusxa doʻppi tikish anʼanaga aylangan.

— Prezidentimizning 2021-yil 5-avgustdagi “Mahallalarda tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash va tadbirkorlik subyektlari bilan aholi oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal boʻlmoqda, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Fargʻona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev. — Ayni jarayonda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasidan Fargʻona viloyatiga kooperatsiya usulida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha biriktirilgan vakil — Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi oʻrinbosari Abdugʻaffor Salixov ishtirokida shahar-tumanlarda tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashib, kooperatsiyaning afzallik tomonlari tushuntirilmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?