Farg‘onada Jahon banki moliyaviy ko‘magida istiqbolli biznes loyihalari amalga oshirilmoqda

19:39 26 Noyabr 2021 Jamiyat
375 0

Foto: "Xalq so'zi"

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyiha guruhi rahbari Teklu Tesfaye boshchiligidagi missiya Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif rejasiga ko‘ra, mehmonlar dastlab Yozyovon va Oltiariq tumanlarida "Farg‘ona baliqsanoat agrofirmasi" MCHJ tomonidan tashkil qilingan baliqchilik xo‘jaliklari  faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
“Farg‘ona baliqsanoat agrofirmasi”ga Jahon bankining "O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish" loyihasi doirasida “Ipotekabank” ATIB orqali 1952,5 mln. so‘m kredit ajratilgan bo‘lib, Xitoydan yiliga 250 tonna intensiv usulda baliq yetishtirish uchun texnologiya va jihozlar olib kelindi.  Shu yerning o‘zida baliq uchun ozuqa yemi ishlab chiqarish va baliqni qayta ishlash uskunalari o‘rnatildi.
– Loyiha doirasida 50 ta ish o‘rni yaratib, xalqimiz dasturxoniga baliq va konserva mahsulotlari yetkazib berishni maqsad qilganmiz,– deydi MCHJ direktori Mirzarasul Mamatov. – Yaqin istiqbolda baliq yetishtirish va qayta ishlash (loyiha qiymati 4 mln. dollar) va chorvachilik kompleksi (loyiha qiymati 4 mln. dollar)ni ishga tushirish bo‘yicha yangi loyihalarimiz ustida ham ish olib boryapmiz. Buning natijasida 300 dan ziyod kishi bandligi ta’minlanadi.
Jahon banki missiyasi O‘zbekiston tumanidagi "Sohibkor tog‘ay" fermer xo‘jaligida ham bo‘ldi.
Mazkur fermer xo‘jaligiga “Asakabank” orqali 580,4 ming dollar kredit ajratilgan bo‘lib, buning hisobidan Germaniyadan 102 bosh naslli mollar va sut sog‘ish jihozlari olib kelindi.
– "O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish" loyihasi Farg‘ona viloyati fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlari uchun katta imkoniyat yaratmoqda,– deydi Jahon banki ishtirokidagi mazkur loyihaning Farg‘ona viloyati koordinatori Sanjarbek Ergashev. – O‘tgan davrda viloyatdagi 46 ta fermer xo‘jaligi va tadbirkorlik sub’ektiga loyiha doirasida 12 mln. dollardan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
                                                      
  
Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?