Fargʻonada zamonaviy mutaxassisliklar boʻyicha xalqaro universitet tashkil etiladi

14:28 21 Dekabr 2021 Jamiyat
852 0

Foto: "Xalq so'zi"

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov axborot texnologiyalari sohasida dunyoning taniqli mutaxassislaridan biri, turkiyalik professor, International Swiss Science University rektori Tunjay Sevindikni qabul qildi.

Uchrashuvda axborot texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida faol hamkorlik qilish masalasi muhokama etildi.

Tunjay Sevindik viloyat rahbariga Fargʻona shahrida barpo etilayotgan 13 qavatli zamonaviy IT-Park loyihasi bilan tanishgani, ushbu markaz unda katta taassurot qoldirganini taʼkidladi.

Muloqot jarayonida innovatsion rivojlanish va raqamli iqtisodiyot davrida blokcheyn va kriptovalyutalar bilan amalga oshiriladigan turli xildagi moliyaviy operatsiyalar yaqin yillarda Oʻzbekistonda ham banklar faoliyatining ajralmas boʻlagiga aylanishi, moliyaviy muassasalarda blokcheyn mutaxassislariga katta ehtiyoj boʻlishi qayd etildi.

Shu nuqtayi nazardan uchrashuv yakunida Fargʻonada blokcheyn muhandisligi hamda kompyuter oʻyinlari yaratish sohalariga ixtisoslashgan xalqaro universitet tashkil etish boʻyicha memorandum imzolandi.

— Bu loyihani har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, qisqa fursatda toʻliq roʻyobga chiqarish uchun yordamga tayyormiz, — dedi X. Bozorov. — Shu sababli yangi universitetni kelgusi oʻquv yilidan boshlab ish boshlashi maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?